Xiaomi Mi6 samarali ishlash bo‘yicha iPhone 7 bilan bir xil ball to‘pladi

Xiaomi Mi6 samarali ishlash bo‘yicha iPhone 7 bilan bir xil ball to‘pladi

Bilamizki, ayni paytda eng ilg‘or mobil vosita protsessori sifatida e’tirof etilayotgan, 8 ta “Kryo 280” yadrolariga, Adreno 540 video-kartasi va X16 LTE modemiga ega Qualcomm Snapdragon 835 “elektron yurakcha”si hozircha jahonda faqat Galaxy S8 Android-flagmanida o‘rnatilgan. Ma’lumotni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan ushbu chip texnologiyasi smartfonlarda ilk marotaba Quick Charge 4.0 tezkor quvvat olish tizimining ham joriy qilinishiga sababchi bo‘ldi.

Mobil qurilmalarning protsessor imkoniyatlari sinovdan o‘tkaziladigan xalqaro AnTuTu benchmarkida 11 aprel kuni aniqlangan Xiaomi’ning yangi flagmanida ham Qualcomm Snapdragon 835 protsessori o‘rnatilgani ma’lum bo‘lgan.

Xiaomi Mi6 AnTuTu benchmarkida 170 000 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu reytingning yetakchilari bo‘lgan iPhone 7 Plus hamda iPhone 7 esa 172 644 va 170 124 ball to‘plashgan. Bir muddat avval Samsung Galaxy S8’ning Snapdragon 835 protsessoriga ega talqini ushbu imtihonda 162101 ball to‘plagan edi. Galaxy S8’ning Exynos 8895 protsessoriga ega talqini 174155 ball to‘plashga erishgan.

19 aprel kuni taqdimoti kutilayotgan Xiaomi Mi6 devaysi 1920 x 1080 pikselli displey, 4 GB operativ xotira pamyati, 64 GB doimiy xotira, 12 megapikselli bosh va 8 megapikselli old kameralar bilan ta’minlanishi aytilmoqda. Uning kamerasida manzarani 5 karra yaqinlashtirish, ya’ni zum funksiyasi tatbiq qilinadi.

Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvida ishlashi aytilayotgan Xiaomi Mi6’ning taqdimot kunini e’lon qilar ekan, kompaniya o‘z bannerida “Biz 203 kun, 7 yil kutdik” degan yozuvni e’lon qilgan. “203 kun” deganda kompaniya Xiaomi Mi 5s hamda Xiaomi Mi6 taqdimotlari o‘rtasidagi kunlarni, “7 yil” deganda esa kompaniya asos solinganidan boshlab, bugungacha bo‘lgan davrni nazarda tutgan.