Yangi Chrysler selfiga tushiradi

Yangi Chrysler selfiga tushiradi

Chrysler kompaniyasi Portal nomli yangi konsept tayyorlayotgani haqida xabar tarqatdi. Bu mashinada qo‘llangan texnologiya seriyali avtomobillarda 10-15 yildan so‘ng paydo bo‘ladi.

Chrysler Portal har bir haydovchi va yo‘lovchi uchun moslashish xususiyatiga ega. Undagi elektron qurilmalarni Panasonic kompaniyasi qiyomiga yetkazgan. Moslashish nima degani? Hushyor Portal shaxs yuzini tanish tizimi yordamida salonda kim o‘tirganini biladi hamda uning ta’biga mos musiqa va haroratni o‘zi to‘g‘rilaydi.

Bundan tashqari, mashina o‘zi suratga tushirib, kamiga ijtimoiy tarmoqqa ham o‘zi joylab qo‘yadi. Chrysler Portal haydovchisining qayoqqa qarayotganligini sezib, ekran yorug‘ligini avtomatik ravishda kamaytiradi yoki oshiradi.

Shubhasiz, kelajak avtomobili elektrga ishlaydi. Yo‘l zaxirasi 400 km. 20 daqiqada olgan zaryadi 240 km yo‘l yurishga yetadi. Amerikaliklarning aksariyati uchun bu ko‘rsatkich yetarli.

Avtopilot-chi? U ham bo‘ladi. Dalil sifatida Chrysler o‘tgan yildan boshlab Google bilan avtonom tizim bo‘yicha hamkorlik qilayotganligini keltirish mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!