Apple iMac Pro avtomobil narxida sotuvga chiqarildi

Apple iMac Pro avtomobil narxida sotuvga chiqarildi

WWC 2017 ko‘rgazmasi doirasida shu yilning iyunida taqdim qilingan iMac Pro professional kompyuteri eng so‘nggi texnologik jihatlari bilan o‘ziga xos.

Jumladan, yangi iMac Pro’dagi 27 dyuymli Retina displeyning sig‘imi 5K. Ya’ni, ekran o‘zida 1 milliard xil rang-tusni ask ettira oladi. Intel’ning 18 yadroli 7-avlod Intel Xeon protsessori devaysning kuchli jihatlaridan biri. iMac Pro’da 128 gigabaytli tezkor va 4 terabaytgacha bo‘lgan doimiy ichki xotira, 16 GB HBM2 turidagi tezkor mustaqil xotiraga ega AMD Radeon Pro Vega videokartasi mavjud.

Mac kompyuterlari tarixida ilk marotaba yangi iMac Pro Ethernet 10 Gbit/s portiga ega bo‘ldi. Ya’ni, bu port orqali ma’lumotlarni avvalgi kompyuterlardan 10 karra tezroq almashish mumkin. Yangi personal kompyuter space gray, ya’ni to‘q kulrang korpusli talqinda ishlab chiqariladi.

“Eng kuchli” Mac kompyuterining eng arzon talqini, ya’ni 8 yadroli Intel Xeon protsessori, Radeon Vega videokartasi, 32 GB tezkor va 1 TB doimiy xotiraga ega talqini 4999 dollardan boshlab sotuvga chiqdi. Bu narxga AQSh da birorta yaxshi avtomobil xarid qilish mumkin.

Professional kompyuter, ayniqsa turli sohada faoliyat ko‘rsatuvchi dizayner ijodkorlar, yirik ma’lumotlarni qayta ishlovchi mutaxassis va biznesmenlar uchun ayni muddao. Shuningdek, undan 3D va VR loyihalarni, tahlil va ma’lumotlarni qayta ishlash, audio va videoni yuqori sifatda tahrir qilishda foydalanish mumkin. Jumladan, Apple ham o‘z dizaynerlarini aynan shu rusumdagi modellar bilan ta’minlab kelgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.