8K ekranli Sharp televizori taqdim qilindi: jihat va narx-navo

8K ekranli Sharp televizori taqdim qilindi: jihat va narx-navo

Ayni paytda davom etayotgan jadal texnologik taraqqiyot ishlab chiqaruvchilarni ancha oldinga olib ketib qoldi. Iste’molchilar esa ancha orqada yurishibdi. Misol uchun, televizorlar borasida -- hali 4K-televizorlar ommalashib ulgurmasidan qator kompaniyalar 8K sig‘imli ekranga ega televizorlarini taqdim etishgan.

Displeylari bilan mashhur Sharp kompaniyasi Berlinda  o‘zining eng yangi ishlanmasini taqdim qildi: 70 dyuymli Aquos 8K televizori. Uning piksel sig‘imi 8K (7680 x 4320), ya’ni bizga yaxshi tanish bo‘lgan  Full HD (1920 x 1080) sig‘imli ekranga ega televizorlardan 16 barobar pikselga boyroq. Sharp bu ekranga "oddiy ko‘z bilan ko‘rish imkonsiz detallar aks etuvchi nihoyasiz reallik" deb nisbat bermoqda.

Piksel shu qadar ko‘p bo‘lishi mumkinmi?

Texnologik jihatdan bir jihatni qayd etish joizki, ma’lum bir me’yordan so‘ng ekrandagi piksellarning soni cheklanadi. Boisi, bu me’yordan so‘ng piksellar masofadan qaraganda sezilmaydi ham. Bu degani siz tasvirni 8K ekranda yaqindan ko‘rsangizgina undagi rang-barang va boy detallarga guvoh bo‘lasiz.    

Yangi televizor ekranida tasvir yotig‘iga ham, tikkasiga ham 176 gradus burchak ostida uzatiladi. Shuningdek, AQUOS televizori Rich Color Technology Pro deb no olgan sifatli rang uzatish, kontrastni dinamik oshiruvchi Mega Contrast texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu ekranga mos kontent bormi?

8K-HDR ekranning borligi -- bu sig‘imdagi videoni ko‘rish imkoni bor, degani emas. To‘g‘ri, Yaponiyada bu katta muammo emas. Boisi, 2016 yilda Yaponiyaning NHK jamoat telekompaniyasi jahonda birinchilardan bo‘lib muntaam ravishda sun’iy yo‘ldosh tizimi orqali 8K sig‘imli dasturlarni olib uzatishni yo‘lga qo‘ygan. Sharp kompaniyasi ham 8K sig‘imli telemahsulotlarni, jumladan protsessor, resiver, kamkorder va kameralarni ishlab chiqarmoqda.

Narx-navo

Joriy yilning mart oyida Amerikaning Dell kompaniyasi 8K piksel sig‘imli jahondagi ilk — 31,5 dyuymli Dell UltraSharp UP3218 modelidagi monitorini 5000 AQSh dollaridan sotuvga chiqargan edi.

Sharp o‘zining 70 dyuymli 8K televizorini Yevropada keyingi yilning martidan boshlab 9000 dollardan, 85 dyuymli televizorni 10 ming  dollardan sotishni reja qilgan.