Bugun International CES 2016 – xalqaro elektronika ko‘rgazmasi ish boshlaydi

Bugun International CES 2016 – xalqaro elektronika ko‘rgazmasi ish boshlaydi

Bugun, 2016 yilning 6 yanvar kuni AQShning Las-Vegas shahrida telekommunikatsiya, IT, aloqa, o‘yinchoqlar, sovg‘alar, esdaliklar kabi ko‘plab sohalarni o‘z ichiga qamrab olgan dunyodagi eng yirik elektronika ko‘rgazmasi ish boshlaydi.

Mazkur ko‘rgazmada dunyoning EchoStar, Intel, Microsoft, Motorola, Panasonic, Philips, Samsung, LG, Lenovo, Sony, Toshiba singari ko‘plab korporatsiyalari ishtirok etayotgani uning nufuzini belgilab beradi.

Mazkur ko‘rgazma ilk marotaba 1967 yilda AQShning Nyu-York shahrida tashkil etilgan edi. Unda jami bo‘lib 200 eksponat ko‘rgazmaga qo‘yilgan bo‘lsa, International CES 2010 dunyoning 130 mamlakatidan turli kompaniyalar 2500 eksponatni namoyish etdi. Ushbu ko‘rgazmaga 126600 kishi tashrif buyurdi.

2013 yilda esa ko‘rgazmaga 150 mamlakatdan 150 ming nafardan ziyod tomoshabin keldi. Shuningdek, 5586 nafar OAV vakili, 3250 ming ishtirokchi qatnashdi.

International CES 2014 maydoni yangi rekordni qayd etib, 186000 kv. m (2013 yilda 178400 bo‘lgan)ni tashkil qildi. Unda 3250 eksponent va qariyb 150 ming mehmon ishtirok etdi.

CES 2015 Las-Vegasdagi Sands Expo Convention Center markaziga ko‘chib o‘tdi va butun boshli Las-Vegas shahri hududidan ham kattaroq maydonni – 207000 kv. m ni egalladi. Unda 3600 eksponent, jumladan, 375 startap qatnashdi. O‘tgan 2015 yildagi xalqaro ko‘rgazmada rekord darajadagi tomoshabin – 176676 kishi ishtirok etdi. Shuningdek, 6952 nafar OAV vakili va tahlilchilar qatnashdi, 7,51 mlrd tvit yozildi.

6-9 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan bu yilgi CES 2016 ko‘rgazmasi ham ko‘plab yangi elektronikalarni taqdim etishi bilan ahamiyatli. Unda yangi gadjetlar, turli sohalardagi istiqbolli texnologiyalar – televideniyedan tortib, mobil telefonlarigacha, robotlardan tortib, o‘zi boshqariluvchi avtomobillargacha namoyish etiladi.

Bir qator ekspertlarning fikricha, 2016 yilda asosiy urg‘u shu choqqacha misli ko‘rilmagan prototiplarga emas, balki iste’molchilarga yaqin ilg‘or texnologiyalarga qaratiladi.

Televizorlar

Televizion texnologiyalar har doim CES mutaxassislarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda televizor ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalar ommaga yanada kattaroq ekranli mahsulotlarni taqdim etishga harakat qilib kelmoqda.

Bu yilda trend boshqacharoq bo‘lishi kutilmoqda: bir necha oy muqaddam LG o‘ta yupqa va yengil, qaysidir ma’noda devordan qariyb ajratib bo‘lmaydigan prototip haqidagi xabarlarni tarqatgan edi. Undagi HDR (High Dynamic Range) texnologiyasi tasvirlardagi yorqinlik, kontrastlik (qismlarning bir-biridan ajralib ko‘rinishi) va aniqlikni ta’minlaydi.

Dronlar

Kameralar ishlab chiqaruvchi GoPro kompaniyasi CES 2016 ko‘rgazmasida o‘zining Karma dronini namoyish etishi mumkin. Gap-so‘zlarga ko‘ra, mazkur dron parvoz vaqtida to‘qnashuvlardan qochuvchi maxsus texnologiya bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, Karma 360 daraja burchak ostidagi tasvirlarni ko‘rsatib berish imkoniyatiga ega.

Belgiyaning Fleye kompaniyasi esa shar shaklidagi dronni taqdim etishni rejalashtirgan. Unda propeller  plastik qoplama ostiga bekitiladi.

Janubiy Koreyaning Uvify dronlari esa ob’yektlarni uch o‘lchamda aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lib, yopiq binolarda ham hech qayerga to‘qnashmasdan parvoz qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Virtual reallik

2016 yil virtul reallik yili bo‘lishga va’da bermoqda. Mutaxassislar mazkur texnologiyani VR qisqartmasi bilan ifodalashadi.

HTC kompaniyasi 4 yanvar kuni o‘zining modifikatsiyalangan Vive VR VR-garniturasi tasvirlarini namoyish qildi. Mazkur uskuna Valve videoo‘yinlar ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlikda tayyorlangan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu mahsulot ayni vaqtlarda savdoga ham chiqariladi.

Robotlar

Iste’mol texnologiyalari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda CES ko‘rgazmasining “Robotlar” kategoriyasi uchun o‘tgan yilga qaraganda 71 foiz kattaroq joy ajratilgan. Aytish joizki, robotlar hali takomilga yetmagani va o‘ta qimmatligi uchun keng foydalanilayotgani yo‘q. Ammo ayrim kompaniyalar ularni ommaviy foydalanishga maqbullashtirishga urinmoqda. Joriy ko‘rgazmada insonlar hayotiga yaqindan kirib borish mumkin bo‘lgan robot texnologiyalari taqdim etilishi kutilmoqda.

Jumladan, Amerikaning Jibo startapi kraudfanding orqali “ijtimoiy robot” loyihasi uchun 3,7 mln dollar jamlagani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mazkur loyiha rahbari ko‘rgazmada uning istibollari to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tadi.

Shuningdek, ko‘rgazmada autizm va boshqa rivojlanish bilan bog‘liq kasalliklar bilan xastalangan bolalarga yordam berishga mo‘ljallangan “Baddi” va “Leka” deb nomlangan ikki fransuz robotlari namoyish etiladi.

Yaponiyaning Flower Robotics kompaniyasi esa nafaqat foydali, balki estetik zavq beradigan robotlarni taqdim etishga va’da bergan.

International CES 2016 xalqaro elektronika ko‘rgazmasiga oid boshqa eng so‘nggi yangilik va ma’lumotlarni Terabayt.uz sayti orqali kuzatib boring.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!