Foydalanuvchi “qadimiy” HTC HD2 telefoniga Android 7.0 Nougat versiyasini o‘rnatdi
HTC HD2 modelini tom ma’noda uzoq umrli telefon, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Model do‘kon rastalariga 2009 yilda chiqqaniga qaramay hozirgacha bir qator foydalanuvchilar tomonidan faol ishlatiladi. Telefon ishlab chiqarilgan vaqtida Windows Mobile 6.5 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatgan, biroq bu omil ba’zi ishqiboz foydalanuvchilarga unga turli operatsion tizimlarni, jumladan, Android’ni o‘rnatishga to‘sqinlik qilmagan. Yaqinda internet tarmog‘ida paydo bo‘lgan xabarlarda foydalanuvchilar HTC HD2 modeliga ayni kunda eng so‘nggi versiya hisoblangan Android 7.0 Nougat dasturini o‘rnatishganini ko‘rish mumkin.
Eng qizig‘i, HTC HD2 telefoni Qualcomm Scorpion protsessorida ishlaydi va bor-yo‘g‘i 576 MB tezkor xotiraga ega, xolos. Ammo, eski “apparat” versiyasiga qaramasdan, XDA foydalanuvchilaridan biri telefonga Android 7.0 operatsion tizimiga asoslangan CyanogenMod 14 dasturini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.