Gionee S11S – so‘nggi trendlaridagi «to‘rtko‘z» smartfon

  •   DiMaX
  •  997
  •  03.10.2017 10:52

Gionee S11S – so‘nggi trendlaridagi «to‘rtko‘z» smartfon

Xitoyning mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish agentligi – TENAA’da Gionee S11S rusumli smartfon sertifikatsiyadan o‘tkazildi. Bu haqda AndroidHeadlines nashri xabar bermoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, u smartfonsozlikdagi so‘nggi tendensiyalarga javob bera oladi. Devaysning yupqa romli AMOLED-displeyi tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda. Uning asosiy kamerasi ham, old kamerasi ham qo‘sh ob’yektivli. Bulardan tashqari, mazkur smartfon 3 600 mA/soat sig‘imli akkumulyator hamda 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishiga ham ega.

 

TENAA ma’lumotlariga ko‘ra, Gionee S11S modeliga 2160x1080 pikselli sig‘imga hamda 6 dyuymlik diagonalga ega bo‘lgan, 2,5D-shisha bilan himoyalangan AMOLED-displey o‘rnatilgan. Uning 64 bitlik, sakkiz yadroli MediaTek protsessori 2,5 GGs takt chastotasida ishlaydi (bu Helio P tizimiga mansub chip bo‘lishi taxmin qilinmoqda). Gadjetning tezkor xotirasi 7 gigabayt, doimiy xotirasi esa 64 gigabayt hajmga ega.

Gionee S11S smartfonida kameraga ham jiddiy yondashuv mavjud: uning asosiy kamerasi 20 va 8 megapikselli ikkita modulga hamda chaqnoqqa ega. Old kamerasi ham qo‘shaloq ob’yektivli – 16 hamda 8 megapikselli sensorlari mavjud.

Aytilishicha, Gionee S11S modeliga Android 7.1.1 Nougat bazasidagi Amigo OS 5.0 proshivkasi o‘rnatiladi. Uning taqdimoti yaqin haftalarda bo‘lishi kutilayotir, ammo narxi hozircha ma’lum qilinmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!