Google eng yaxshi kamerafon muallifi bo‘lgan smartfon brendini xarid qildi

Google eng yaxshi kamerafon muallifi bo‘lgan smartfon brendini xarid qildi

Google kompaniyasi Tayvanda faoliyat olib boruvchi HTC kompaniyasiga tegishli biznesning bir qismini xarid qildi. Kelishuvga ko‘ra, HTC kompaniyasining mobil bo‘linmasi endi Google kompaniyasi tarkibiga o‘tadi. Shuningdek, taniqli qidiruv tizimi tayvanlik smartfon ishlab chiqaruvchining mobil ishlanmalar bo‘yicha bir qancha litsenziyalariga ham egalik qiladi. Bu to‘g‘rida Google'ning rasmiy blogida e’lon qilingan.

Ekspertlarning fikricha, 1,1 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan bu xarid Google kompaniyasining mobil gadjetlar sanoatidagi o‘rnini mustahkamlaydi. Shuningdek, Google tomonidan HTC'ning moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha amaliyo ko‘mak ko‘rsatiladi. HTC esa istiqbolda Google tomonidan ishlab chiqariladigan devayslar uchun virtual voqelik texnologiyasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshiradi. 

Eslatib o‘tamiz, ushbu brendga qarashli HTC U11 ayni paytda eng yaxshi kamerafon sifatida e’tirof etilmoqda. Fotokameralar sifatini baholovchi DxOMark xizmati tomonidan  HTC U11 flagmanining suratga olish imkoniyatlariga 90 ball qo‘yilgan. Natijada, flagman DxOMark reytingining 1-pog‘onasidan o‘rin egallagan.

Bungacha Google smartfon sanoatida mashhur bo‘lgan Motorola kompaniyasining mobil bo‘linmasini xarid qilgan va bu loyiha omadsizlik bilan yakun topib, so‘ng Lenovo kompaniyasiga sotib yuborilgan edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.