Google’ga ishonmang – u Android’dan zaxiralangan ma’lumotlaringizni o‘chirib tashlashi mumkin!

  •   DiMaX
  •  1329
  •  16.09.2017 11:39

Google’ga ishonmang – u Android’dan zaxiralangan ma’lumotlaringizni o‘chirib tashlashi mumkin!

Android-qurilmangizdagi ma’lumotlarning zaxira nusxasini bekap tarzida Google serverida saqlaysizmi? Afsuski, mazkur usul unchalik ham ishonchli emas ekan. Bu haqda mashhur ijtimoiy yangiliklar tarmog‘i – Reddit resursida Tanglebrook nikli foydalanuvchi xabar bergan.

Foydalanuvchining aniqlashicha, agarda gadjet 60 kun mobaynida faol bo‘lmay tursa, undan bekap qilib qo‘yilgan ma’lumotlarni Google avtomatik tarzda o‘chirib tashlar ekan. Eng yomoni – kompaniya bu haqda foydalanuvchini ogohlantirib ham o‘tirmas ekan!

Tanglebrook’ning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zining Nexus 6P smartfonini ikki oy mobaynida ishlata olmagan va noilojlikdan iPhone tutgan. Keyin esa boshqa Android-smartfon xarid qilgach, avvalgi Nexus 6P’dan bekap qilib qo‘yilgan ma’lumotlarini yangi gadjetiga ko‘chirib olishga harakat qilgan. Ammo qarasa – bekapga yozib qo‘yilgan barcha sozlamalar, Wi-Fi parollari va ellikdan oshiq ilovalarning ma’lumotlari serverdan yo‘q bo‘lib ketgan ekan!

Shunda u masalaga aniqlik kiritish uchun Google Disk qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat etgan. U yerdagilar esa, o‘sha bekaplar chindan ham o‘chirib yuborilganligini, ularni tiklashning hech bir iloji yo‘qligini tasdiqlashgan. Buni qarangki, bekaplarning o‘chirib yuborilishi haqida foydalanuvchiga xabar berishmagan ham.

Xullasi kalom, Android-smartfoningizdagi ma’lumotlarning zaxira nusxasini faqat Google Diskdagina emas, balki boshqa ishonchli joylarda, masalan, qattiq disklarda, boshqa «bulutli» servislarda ham saqlab qo‘yganingiz ma’qul ekan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!