Hamyonbop, ammo kuchli Galaxy J7 Core taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  3046
  •  16.10.2017 16:39

Hamyonbop, ammo kuchli Galaxy J7 Core taqdim etildi

Janubiy koreyalik gigant kuni kecha 4G tarmoqlarini hamda VoLTE texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi, yana internet-trafikni ham tejovchi Galaxy J2 (2017) smartfonini taqdim etganidan xabaringiz bor. Shuningdek, Samsung yana hamyonbop, lekin nisbatan ilg‘or Galaxy J7 Core modelini ham ishlab chiqardi, deb yozadi 4PDA sayti.

Ushbu yangi model avvalroq chiqqan Galaxy J7 Plus devaysiga tashqi ko‘rinishi jihatidan o‘xshab ketadi, biroq uning «ichki dunyosi» o‘zgacharoq. Yangi gadjetga Super AMOLED matritsali, 5,5 dyuymli HD-ekran o‘rnatilgan. Smartfon Exynos 7870 protsessori bazasida ishlaydi, 2 gigabaytlik tezkor xotirasi uning samaradorligini ta’minlashda qo‘l keladi. Qurilmaning ichki xotirasi 16 gigabayt hajmga ega, shuningdek, yana microSD-karta yordamida uning xotira hajmini kengaytirish mumkin.

Samsung Galaxy J7 Core ko‘proq, qimmatbaho smartfonlarni «cho‘ntagi ko‘tarmaydigan» mobil fotografiya ishqibozlariga mo‘ljallangan. Uning f/1,9 aperturali asosiy kamerasi 13 megapikselli sig‘imga ega. Selfi uchun esa f/2,2 diafragmali, 5 megapikselli va chaqnoqli old kamera ajratilgan.

Galaxy J7 Core smartfonining texnik xususiyatlari:

  • 5,5 dyuymli, 1280x720 pikselli Super AMOLED-ekran;
  • sakkiz yadroli Exynos 7870 protsessori;
  • 2 GB tezkor xotira;
  • 16 GB doimiy xotira + microSD-karta qo‘yish imkoni;
  • f/1,9 diafragmali, 13 megapikselli, chaqnoqli bosh kamera;
  • f/2,2 diafragmali, 5 megapikselli, chaqnoqli old kamera;
  • LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi;
  • 3,5 mm.lik audiotirqish;
  • 3 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator.

Ushbu smartfon tillarang va qora ranglarda Filippin bozori uchun taqdim etilgan, uning boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqarilishi xususida hozircha ma’lumot yo‘q. Samsung Galaxy J7 Core modeliga 195 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan.

Toshkentdagi «Malika» savdo majmuasi do‘konlarida Samsung’ning ayrim smartfonlariga so‘mda (2017 yil 5 oktyabr holatiga ko‘ra) belgilangan narxlarni esa mana bu yerdan ko‘rib olishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.