Horus – ko‘zi ojizlarga harakatlanishga yordam beradigan gadjet

Horus – ko‘zi ojizlarga harakatlanishga yordam beradigan gadjet

Internet buyumlarga tegishli gadjetlar nafaqat turli ko‘ngilochar maqsadlarda xizmat qiladi, balki imkoniyati cheklangan odamlarning hayotini ham yengillashtirishga yordam beradi. Misol uchun, shveysariyalik mutaxassislar tomonidan asos solingan Eyra startapi o‘tgan noyabr oyining boshida Horus nomli ko‘zi ojizlarga harakatlanishda ko‘maklashadigan gadjetni taqdim qilgan edi. 4PDA saytining yozishicha, yaqinda startap TechCrunch Disrupt tadbirida ushbu gadjetdan real sharoitlarda qanday foydalanishni ham ko‘rsatib bergan.

Gadjet NVIDIA Tegra K1 bazasida yaratilgan elektroblok, ikkita Full HD kamerali bosh moduli va maxsus naushniklardan tarkib topgan. Kamera atrofdagi predmetlarni aniqlab, naushnik orqali foydalanuvchiga xabar beradi. Kuchli aniqlash algoritmlari foydalanuvchining oldida mavjud bo‘lgan ob’yektlarni tanishga yordam beradi.

Hozirda Horus beta-sinov bosqichidan o‘tmoqda, yaqin orada esa undan barcha xohlovchilar foydalanishi mumkin bo‘ladi. Biroq gadjetning narxi juda baland (1500-2000 yevro), ammo keyingi bosqichlarda uning arzonlashishi ma’lum qilingan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!