HTC’ning ilk romsiz flagmani – U11 Plus taqdimot vaqti ma’lum bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  1185
  •  22.09.2017 12:01

HTC’ning ilk romsiz flagmani – U11 Plus taqdimot vaqti ma’lum bo‘ldi

Tayvanning HTC kompaniyasi joriy yilning may oyida o‘zining HTC U11 rusumli flagmanini namoyish etgan edi. Yil so‘ngigacha u yana uchta smartfon taqdim etishni rejalashtirganligini ham ma’lum qilganmiz. Shulardan biri – HTC U11 Plus modelini kompaniya noyabrda taqdim etmoqchi, deya xabar qiladi Frandroid resursi.

HTC U11 Plus modeli Ocean Master kodli nomi bilan ma’lum. Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, u HTC’ning ilk romsiz smartfoni bo‘lib, ekrani old panelni butkul egallaydi. Mazkur gadjet Quad HD+ sifatli (2880 x 1440 pikselli), diagonali 5,99 dyuymli JDI-displeyga ega bo‘lib, ekran tomonlarining nisbati 18:9’ni tashkil etadi.

«Plyusli» gadjetning «yuragi» bo‘lib Qualcomm Snapdragon 835 xizmat qiladi. Asosiy va old kameralari tegishlicha 12 hamda 8 megapikselli bo‘ladi. Qurilmaning tezkor xotirasi 4 yoki 6 gigabayt, doimiy xotirasi esa 64 yoxud 128 gigabayt hajmga ega.

Mazkur qurilmada ilg‘or texnologiyalardan QuickCharge 3.0 tezkor quvvatlash, USB Type-C porti hamda IP68 standartiga ko‘ra suv va changdan himoya mavjud. Oldingi flagman – HTC U11 devaysida joriy etilgan yangilik – Edge Sense sensor romi U11 Plus modelida ham mavjud.