HTC U11 Plus tarmoqda "qo‘lga tushdi"

HTC U11 Plus tarmoqda

Yangi HTC U11 Plus smartfoni shu yilning 2 noyabrida taqdim qilinadi. OnLeaks blogida flagmanning 3D-renderi e’lon qilindi. Shuningdek, devaysga xos ba’zi funksiyalar ham ma’lum qilingan.

Joriy yilning 16 may kuni Tayvanning HTC texnologiyalar kompaniyasi o‘zining U11 flagman smartfonini jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan edi. 5,5 dyuymli yangi bu “aqlli telefon” 8 yadroli Snapdragon 835 protsessori, 16 megapikselli old kamera va 12 megapikselli bosh kamera, Edge Sense texnologiyasidagi sezgir korpusi bilan o‘ziga xos.

Ma’lum bo‘lishicha, HTC U11 Plus yangicha dizaynga ega bo‘lgan. Jumladan, yuqori talqinda barmoq izlari skaneri orqa panelga, kamera ob’yektivi ostiga ko‘chirilgan. Shuningdek, yangi gadjet displeyini o‘rab olgan rom yupqalashgan.

HTC U11 Plus 6 dyuymli, bugungi tendensiyadan kelib chiqib, 18:9 o‘lchamli ekranga ega bo‘ladi.

HTC U11 Plus 4 GB tezkor hamda 64 GB doimiy, shuningdek 6 gigabaytli tezkor va 128 GB.li doimiy xotiraga ega modifikatsiyalarda ishlab chiqariladi.

Va, albatta, bu gal ham hozircha ilg‘or Snapdragon 835 chipi tanlangan. Smartfon Android 8.0 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi. Geekbench benchmarkida HTC U11 Plus samaradorlik bo‘yicha imtihondan o‘tgan edi. Unga ko‘ra bu devays bir yadroda ishlashda 1920 ball, ko‘p yadroda 5756 ball to‘plagan. Taqqoslash uchun aytamiz, iPhone 8 bu resurs imtihonida 4169 va 9837 ball to‘plagan.

HTC U11 Plus bosh kamerasi ham 12 megapikselli. Uning old kamerasiga 8 megapikselli modul tanlangan. HTC U11 Plus romi ham Edge Sense funksiyasiga ega bo‘ladi. Smartfon 4000 mA soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi.

HTC U11 jahon smartfon bozoriga $650 dollardan sotuvga chiqarilganini hisobga olsak, yangi talqinning narxi 700 AQSh dollaridan oshishi taxmin qilinmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!