Huawei romsiz ekranli Honor V10’ni rasman taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1625
  •  29.11.2017 12:24

Huawei romsiz ekranli Honor V10’ni rasman taqdim etdi

Xitoydagi maxsus tadbirda Huawei kompaniyasi Honor V10 smartfonini rasman namoyish qildi. Yangi qurilmaning xususiyatlari to‘g‘risida Fone Arena nashri ma’lumot bergan.

O‘QING: Huawei smartfon va planshetlarini xarid qilganlarga Ucell megabaytlar beryapti

Honor V10, avvalo, urfga kirgan romsiz ekranli dizayni bilan e’tiborga loyiq. Tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lgan mazkur displeyning o‘lchami diagonaliga 5,99 dyuymni tashkil etadi. Uning tasvir sifati esa Full HD+ (2160 x 1080 pikselli) formatida.

Smartfon korpusi metalldan ishlangan, uning qalinligi atigi 6,97 millimetrni tashkil etadi. Garchi ekranning yon tomonlari romsiz bo‘lsa-da, uning tepa va pastki qismlarida rom mavjud. Qoyil qolarli jihati – Huawei ayni shu yupqagina pastki romda «Uyga» mexanik tugmasi hamda unda barmoq izi skanerini joylashtira olgan.

Devays tezkor va ichki xotirasining hajmiga ko‘ra bir nechta versiyada taqdim etilgan: 4/64 GB, 6/64 GB va 6/128 GB. Unga Huawei’ning «sun’iy idrokli» Kirin 970 protsessori, o‘rnatilgan. Aytish kerakki, kompaniyaning so‘nggi flagmanlari, jumladan, Mate 10 Pro modeli ham shu protsessor bazasida ishlaydi.

O‘QING: Xitoyda eng ommabop premium-smartfon aniqlandi, ammo bu iPhone X emas...

Honor V10 modeliga qaytadigan bo‘lsak, uning asosiy kamerasi qo‘shaloq – 16 megapikselli RGB-sensor hamda 20 megapikselli monoxrom sensorlardan iborat. Smartfonning «sun’iy idrok» tizimi kameraning eng maqbul sozlamalarini avtomatik tarzda o‘rnatib, lavhalar va ob’yektlarni tezkorlik bilan farqlay biladi. Selfi uchun esa 13 megapikselli kamera ajratilgan bo‘lib,  u ham portretlar uchun «sun’iy idrok» tizimi bilan to‘ldirilgan.

O‘QING: Huawei maqtandi: «Bu sizga smartfon emas!» (+video)

Huawei mazkur modeliga EMUI 8.0 qobig‘idagi Android Oreo operatsion tizim talqinini joriy etgan. Akkumulyator sig‘imi ham zo‘r – 3750 mA/soat bo‘lib, unga 5V/4.5A tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan. Smartfon ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi, tag‘in ularning har ikkalasi ham 4G VoLTE texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, simsiz aloqaning Wi-Fi (802.11ac), Bluetooth 4.2 LE, NFC, GPS interfeyslari joriy etilgan, USB Type-C porti mavjud.

Yangi smartfon to‘rt xil: qora, moviy, tillarang va qizil ranglarda taqdim etilgan. Devaysning o‘lchamlari 157 x 74,98 x 6,97 millimetrni, vazni esa 172 grammni tashkil etadi.

Honor V10 qiymati esa xotira hajmiga bog‘liq: 4/64 GBlik versiyasi 409 dollar, 6/64 GBlik talqini – 454 dollar, 6/128 GBlik versiyasi esa – 530 dollarga narxlangan. Uning savdosi 5 dekabrdan boshlanishi xabar qilingan.

O‘QING: «Malika»da Huawei smartfonlari narxlari – plastik orqali xarid qiling! (2017 yil 28 noyabr)