Huawei "sun’iy ong"li Mate 10 flagmanlarini taqdim qildi

Huawei

Jahonning eng muvaffaqiyatli smartfon ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan Huawei bugun Germaniyaning Myunxen shahrida Mate 10 va Mate 10 Pro flagman smartfonlarini taqdim qildi. Yangi "bayroqdor"lar «neyronli protsessor» degan marketing atamasi bilan alohida e’tirof etildi. Shuningdek, uning stilus-qalamchasi maxsus datchik bilan ta’minlangan bo‘lib, endi qayd yoki ma’lumotlarni simsiz bu qalamchada oddiy qog‘ozga yozsangiz ham, ular avtomatik ravishda smartfonga tushadi.

Huawei Mate 10 Pro 6 dyuymli, OLED matritsali, Quad HD (1080 x 2160 pikselli) sig‘imli va tomonlari 18: 9 nisbatli romsiz ekranga ega bo‘lgan. Uning ko‘rinishi raqiblari bo‘lmish Xiaomi Mi Mix 2, LG G6, Samsung Galaxy S8 hamda Essential Phone'ga o‘xshash. Suratda ko‘rinib turganidek, ekran atrofi rom va hoshiyadan xoli bo‘lgan.

Huawei Mate 10 Pro orqa paneli shishadan tayyorlangan. Bundan maqsad qurilmaga simsiz quvvat olish texnologiyasini joriy qilish, albatta!

Qurilma korpusining o‘ng tomonida o‘chirib-yoqish, ovoz boshqarish tugmalari, orqa panelda esa barmoq izlari skaneri joylashtirilgan.

Orqa panelda, shuningdek Leica'ning qo‘sh sensorli bosh kamerasi ham mavjud. Bu sensorlardan biri 12 megapikselli va u rangli sensor hisoblanadi. Ikkinchi -- 20 megapikselli modul esa monoxrom sensor. Ularga yorug‘lik taqsimlashda hozircha eng ilg‘or bo‘lgan f/1.6 diafragmasi va optik barqarorlashtirish tizimi o‘rnatilgan.

Shu bilan birga, Huawei'da birinchilardan bo‘lib IP67 guvohnomasi bo‘yicha himoyalangan gadjet paydo bo‘ldi. Endi suv ta’siridan qo‘rqmasa ham bo‘ladi.

Flagman tezkor xotirasi 6 GB, doimiy esa talqinidan kelib chiqib 128 yoki 256 GB.

Smartfon qora, kul rang, pushti va tilla rangli korpuslarda ishlab chiqariladi. Yana bir muhim jihati -- Huawei bu flagmanida 3.5 mm.li audio tuynukdan voz kechgan.

PC sifatida foydalaning
Smartfonni tashqi displeyga ulab, undan kompyuter sifatida ham foydalanish mumkin. Bu holatda smartfonning o‘zi virtual tachpad vositasiga aylanadi.

«Neyronli protsessor»
Kirin 970 chipi 2,8 GGs chastota tezligiga ega. 8 yadroli (4x Cortex A73 va 4x Cortex A53) bu protsessor ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydi.

Kirin 970 protsessorida alohida NPU (Neural Processing Unit) deb nomlangan blok mavjud. Bu qismga joriy qilingan "sun’iy idrok" texnologiyasi yordamida smartfon "aqlli mashina"ga aylanadi va qator ilg‘or funksiyalarni bajaradi. Misol uchun, bu texnologiya smartfonga fotosuratdagi buyumlarni tanib olish, olingan suratlarni sifatli qilib qayta ishlash kabi vazifalarni bajaradi. Istiqbolda Huawei har bir smartfoniga bu texnologiyani tatbiq qilmoqchi.

Bu jihat ilk marotaba Apple’ning so‘nggi A11 Bionic chipida ham tatbiq qilingan. Shuningdek, Huawei Mate 10 Pro'da grafik-tasvirlarni qayta ishlash uchun Mali G72 video-kartasi o‘rnatilgan.

Huawei Mate 10 Pro akkumulyatorining sig‘imi 4000 mA soat. Shuningdek, Huawei SuperCharge yordamida smartfon 30 daqiqada o‘z quvvatini 58 foizga to‘ldiradi. Protsessorda quvvatni samarali taqsimlash tizimi o‘rnatilgan. Bu quvvat bilan smartfonda 22 soat video tomosha qilish mumkin.

Flagman Android 8.0'ning o‘zlashtirilgan EMUI 8.0 tizimida ishlaydi. Jumladan, uning ekranini bir necha qismlarga bo‘lib foydalanish mumkin.

Shuningdek, taqdim qilingan HUAWEI Mate 10 smartfoni "akasi"dan bir oz kichik -- u 5.9 dyuymli, tomonlar nisbati 16:9 ga teng, deyarli hoshiyasiz ekranga ega bo‘lgan. Qolaversa, bu model 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, Mate 10 xotirani kattalashtirish mumkin bo‘lgan microSD bo‘lmachasiga ega.


Pro talqinda "Cat 18 radio" funksiyasi mavjud. Ya’ni, gigabit LTE tezligini, sekundiga 1.2 GB ma’lumot yuklashni uddalaydi. Mate 10'ning barmoq izlari skaneri bosh tugmaga joriy qilingan bo‘lsa, Pro talqinida bu skaner orqada joylashgan. Qolgan jihatlari Mate 10 Pro bilan bir xil.

Narx-navo va "ob-havo"
Bu gal kompaniya narx borasida kamtarinlikni yig‘ishtirib qo‘ygan va flagman narxi iPhone 8'ni ham uyaltiradi. Huawei Mate 10 Pro avvaliga Yevropada noyabrda sotuvga chiqariladi. Uning eng arzon talqini (128 Gb) 944 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. Yuqori versiyadagi (256 gigabaytli Porsche dizayni) 1,645 dollardan sotiladi. HUAWEI Mate 10 esa shu oydan boshlab 825 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.