Ijtimoiy tarmoqda siz yo‘l qo‘yadigan 5 xato

Ijtimoiy tarmoqda siz yo‘l qo‘yadigan 5 xato

Ijtimoiy tarmoq va messenjerlar sizga hayotda muvaffaqiyat qozonishda yordam beradigan muhim vositaga aylanishi mumkin. Agarda ulardan to‘g‘ri foydalansangiz, albatta. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishning o‘zi yetarli emas, boisi shovqin solgan bilan diqqatni qozonish emas, nafratni qo‘zg‘ash mumkin.

Shu sababli, quyidagi maslahatlarga amal qilish foydadan xoli emas .

1. Surat tanlash.
Agarda siz ishda muvaffaqiyat, do‘stlar orasida hurmat qozonish, shaxs sifatida qarash hamda fikrlaringizni ommaga yetkazish istagida bo‘lsangiz, buni messenjer yoki ijtimoiy tarmoqdagi profil suratingizdan boshlaganingiz ma’qul.
Surat tanlashda nihoyatda e’tiborli bo‘ling. Suratda sizning nafaqat tashqi, balki ichki qiyofangizning aks etishi, samimiy inson ekaningiz ifodalangan bo‘lishi kerak. Yarim-yalang‘och yoki suv havzalarida olingan suratlarni ijtimoiy tarmoqqa umuman joylashtirmagan ma’qul. Boisi, bunday suratlar orqali siz o‘zingizga nisbatan salbiy munosabat orttirib olasiz. Boshqalarning ham sizni suratlaringizni joylashtirishiga e’tiborli bo‘ling.

2. Fikr-mulohazalarda haddan ziyod heshtegdan foydalanish.
So‘nggi vaqtlarda ko‘proq auditoriyani egallash maqsadida heshteglardan foydalanish urfga kirdi. Biroq, ishoning, bu -- foydasiz. Aksincha, bo‘lar-bo‘lmas heshteglar sizning takabbur yoki xudbin ekaningizdan darak beradi. Yaxshi fikr va post albatta o‘quvchilarning diqqatini tortadi.

3. Tilga ehtiyot bo‘ling.

"Alpomish" dostonida til zindonga, xat dorga olib boradi, degan naql bor.

Unutmang, ijtimoiy tarmoqlar, misol uchun, Facebook platformasi og‘izga kelgan so‘zni aytish mumkin bo‘lgan chuqur quduq emas. Bugun har bir "elektron qadam" uchun javob berishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, tarmoqlarda din, siyosat, millatchilikka oid keskin fikrlarni bildirishdan tiyiling. Aks holda, aytgan har bir xato fikringiz uchun qonun oldida javob berasiz.

4. Imlo xatolariga to‘la post qoldirish.
Tilga ixtiyorsiz -- elga e’tiborsizlik bo‘lishi bilan birga, tilni buzib so‘zlashish, so‘zlarni xato yozish -- o‘z-o‘zini hurmat qilmaslikning belgisi ham. Savodsiz odamni esa hech kim tan olmaydi. Shu bois, har bir fikrni juda bo‘lmasa biror yaqinroq do‘stingizga o‘qitib oling. Juda bo‘lmasa, xatolar uchun uzr so‘rab qo‘ying.

5. Dardingizni doston qilmang.
Ijtimoiy tarmoqlarda do‘stdan ko‘ra, dushman ko‘p. Hadeb muammolarni e’lon qilish sizga nisbatan hurmatsizlikni avj oldiradi. Yaxshisi, boshqalarning dardi bilan yashang. Misol uchun, ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqing va odamlarga yordam berish uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytiring.
Shuningdek, oiladagi va ishxonadagi muammolarni, vaziyatlarni tarmoqlarda e’lon qilishdan tiyiling.