Intel'ning qudratli yangi olti yadroli protsessorlari qaysi noutbuklarga o‘rnatila boshlandi?

Intel'ning qudratli yangi olti yadroli protsessorlari qaysi noutbuklarga o‘rnatila boshlandi?

Intel noutbuklar uchun mo‘ljallangan o‘zining qudratli Core i9 protsessorini e’lon qilgani haqida kecha xabar bergan edik. Yangilangan i5 va i7 bilan birga e’lon qilingan olti yadroli i9 chipi odatiy to‘rt yadroli protsessorlar o‘rnini egallashi kutilmoqda. Kecha e’lon qilingan protsessorlarning barchasi yuqori grafikali o‘yin o‘ynash va og‘ir grafik vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan noutbuklarga o‘rnatilishi kutilmoqda. Yaqin vaqt ichida ko‘plab yuqori texnik xususiyatga ega noutbuklar ushbu protsessorlar bilan birga chiqarilishini taxmin qilish mumkin.

Biroq ba’zi ishlab chiqaruvchilar foydalanuvchilarni kuttirib o‘tirmay, qaysi mahsulotlari Intel'ning kuchli 6 yadROGa ega protsessorlariga ega bo‘lishini e’lon qildilar. Quyida Acer, Asus, Gigabyte va Samsung'ga tegishli ana shunday noutbuklar bilan tanishib chiqamiz.

Acer Nitro 5

Acer'ning yangilangan Nitro 5 noutbukiga 15.6 dyumli Full HD IPS displey, bir juft so‘nggi sakkizinchi avlodga mansub Core i7 va Core i7+ protsessori, Nvidia GeForce GTX 1050 Ti grafik kartasi va Gigabit WiFi/Ethernet kartasi o‘rnatilgan. Noutbukdagi Core i7+ protsessori Intel'ning Optane kesh xotira texnologiyasi bilan ta’minlangan bo‘lib, u tezkor xotira va ichki doimiy xotira o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib, o‘yinlarni yuklash kabi og‘ir vaziyatlarda tezlikning oshishiga imkon yaratadi. Nitro 5 noutbuki, shuningdek, 32GB tezkor xotira va 512 NVMe PCIe ichki doimiy xotirasiga ega bo‘lish imkoniga ega. Bundan tashqari Nitro 5 bir qancha tashqi portlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ular ichida Type-C va HDMI 2.0'ni sanab o‘tish mumkin. May oyida sotuvga chiqarilishi kutilayotgan Nitro 5'ning bahosi $749 dan boshlanadi.

Mazkur noutbukning batafsil tafsilotini saytimizda e’lon qilingan xabarda o‘qishingiz mumkin.

Acer Nitro 5

 

Gigabyte AERO 15/15X

Gigabyte'ning yangi AERO 15 noutbuki 1080 pikselga ega 15.6 dyumli displey bilan ta’minlangan. Mazkur displey 144Hz chastotadagi yangilanishlarni qo‘llay oladi. Displey tepa va ikki yon tomondan 5 mm o‘lchamdagi nafis rom bilan o‘ralgan. Biroq pastki qismdagi romning o‘lchami ancha katta. Displey, shuningdek, IPS asosidagi keng ko‘rish burchagiga ega. Noutbukning AERO 15X talqinida displey 4K monitorga aylana oladi. AERO 15 va AERO 15X modellari o‘rtasida deyarli farq mavjud emas. Yagona farq grafik kartalarda: AERO 15 Nvidia GTX 1060, AERO 15X GTX 1070 kartasi bilan ta’minlangan.

Ikkala noutbukka ham Intel'ning so‘nggi sakkizinchi avlodiga mansub Core i7 protsessorlari o‘rnatilgan. Tezkor xotirani 32GBga qadar oshirish imkoni mavjud. Har ikkala noutbuk ikkita M.2 SSD slotlarini qo‘llay oladi. Gigabyte noutbuklarga Thunderbolt 3 USB-C porti, HDMI 2.0 porti va ikkita standart USB portlarni o‘rnatgan. Noutbuklarda SD xotira kartasini o‘qish imkoniyati va Ethernet porti mavjud. Gigabyte hozircha noutbuklarning narxini ma’lum qilmagan.

Gigabyte AERO 15/15X

 

Samsung Notebook Odyssey 3

Samsung'ning so‘nggi Odyssey Z noutbukiga Intel'ning sakkizinchi avlod Core i7 protsessori o‘rnatilgan. Noutbuk 16GB tezkor xotira va 1TB NVMe PCIe ichki doimiy xotiraga ega bo‘lish imkoniga ega. Noutbuk displeyi bilan aytarli maqtana olmaydi. Displeyda 144Hz chastotali yangilanishlar yoki 4K o‘lchamni qo‘llash imkoniga ega emas. U shunchaki standart 15.6 dyumli 1080p displeydir. Noutbukka Nvidia GeForce GTX 1060 Max-P grafik kartasi o‘rnatilgan. Samsung Notebook Odyssey 3'ni yagona USB 2.0 porti, ikkita USB 3.0 porti va HDMI displeylarni qo‘llash imkoniyati bilan ishlab chiqarmoqda. Samsung Notebook Odyssey 3 kuz oyida AQShda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Biroq Samsung kompaniyasi narx borasidagi ma’lumotlarni hali oshkor qilmagan.

Samsung Notebook Odyssey 3

 

Asus ROG Zephyrus M (GM501)

Asus ko‘plab o‘yin uchun mo‘ljallangan noutbuklar ishlab chiqargani ma’lum. Uning so‘nggi ROG Zephyrus  M noutbuki ham ayni shu turkumga mansub. Yangi noutbuk Intel'ning so‘nggi sakkizinchi avlod Core i7 protsessori, 16GBli tezkor xotira va 256GBli NVMe PCIe ichki doimiy xotirasi bilan ta’minlangan. 15.6 dyumli 1080p IPS displey 144Hz chastotadagi yangilanishlar va Nvidia'ning G-Sync texnologiyasini qo‘llay oladi. Asus ushbu noutbukning uch turli modelini taqdim etmoqda. Ularning birida G-Sync texnologiyasi ta’minoti mavjud emas va unga Nvidia GTX 1060 grafik kartasi o‘rnatilgan. Qolgan ikki model yuqori chastotadagi yangilanishlarni qo‘llay oluvchi display va GTX 1060 yoki GTX 1070 grafik kartasiga ega. Asus har uchala modelni yagona Thunderbolt 3 USB-C porti, to‘rtta USB porti va bitta HDMI 2.0 porti bilan ishlab chiqarmoqda.

Modellarning eng arzoni GTX 1060 grafik kartasi va 120Hz chastotali displeyga ega bo‘lib, narxi $1,499 dan boshlanadi. GTX 1060 grafik kartasiga noutbuk $1,899 va GTX 1070 hamda 144Hz chastotaga egasi $2,199 baholanmoqda. Uchchala modelga ham bugundan buyurtma berish mumkin. Buyurtmachilar noutbuklarni keyingi oydan qabul qilib olishi kutilmoqda.

Asus ROG Zephyrus M (GM501)

 

Asus ROG G703

Asus, shuningdek, Intel Core i9 protsessorida ishlaydigan noutbukni ham taqdim etgan. 17.3 dyumli G703 noutbuki Intel'ning yangi chipi va Nvidia GTX 1080 grafik kartasida quvvat oladi. Ulkan 17.3 dyumli 1080p IPS displey 144Hz chastotadagi o‘zgarishlar va Nvidia'ning G-Sync texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Noutbuk tezkor xotirasini 64GBga qadar oshirish mumkin. Noutbuk ichida uchta M.2 SSD disk uchun joy mavjud.

Asus'ning bu noutbukida hozirda mavjud deyarli barcha portni topish mumkin. Unda uchta USB port, bitta Thunderbolt 3 USB-C, kichkina DisplayPort, Ethernet port, HDMI port va, hattoki, xotira kartasini o‘quvchi port ham mavjud. Bunday imkoniyatlar va qudrat bilan boyitilgan noutbukning yagona kamchiligi - uning og‘irligi. Noutbuk salkam 4,5 kilogram tosh bosadi. Asus ROG G703 joriy oyning so‘nggida sotuvda paydo bo‘lishi kutilmoqda. Uning boshlang‘ich bahosi $3,449.

Asus ROG G703

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!