iPhone 7 jahonda 40 %, O‘zbekistonda 5 foizga arzonlashdi!

iPhone 7 jahonda 40 %, O‘zbekistonda 5 foizga arzonlashdi!

Apple yangi iPhone flagmanlarini taqdim etgach, 15 sentyabrdan boshlab uning sotuvdagi iPhone 6S, 6S Plus, SE, 7, 7 Plus smartfonlari 100 dollargacha arzonlashgan edi. Xususan, iPhone 7'ning eng arzon talqini -- 32 gigabaytli modeli uchun avval $649 dollar so‘ralgan bo‘lsa, keyin uning narxi $549 dollarga baholangan.

Shu kunlarda jahon miqyosida mazkur gadjetning narx-navosi pasayishda davom etmoqda va rekord darajada arzonlashdi. Misol uchun, bizga yaqinroq mintaqa -- Rossiyada 2016 yilning sentyabri bilan solishtirganda, iPhone 7 bugunga kelib 37% ga arzonlashgan. Hozirda bu gadjetni 620 AQSh dollaridan boshlab xarid qilish mumkin.

Undagi Apple A10 protsessori va zamonaviy kamerasi 6S'nikidan ancha ilg‘or. 4,7 dyuymli ekranning piksellar sig‘imi 1334x750 belgiga teng. IP67 guvohnomasiga ega korpus chang va suvdan himoyalangan. Platforma samaradorligi bo‘yicha va jihatlariga ko‘ra, iPhone 7 hozir ham o‘z ahamiyati va bozordagi o‘rnini yo‘qotmagan.

O‘zbekistonda ahvol qanday?
Bizda brendning rasmiy do‘konlari bo‘lmagani va smartfonlar turli yo‘llar bilan kirib kelgani va unga har kim o‘z xarajatidan kelib chiqib narx qo‘ygani bois, mamlakatimizda mobil aloqa vositalari narx-navosida keskin o‘zgarishni ko‘rish qiyin. Shunday bo‘lsa ham, yangi ayfonlarning bozorga chiqishi avvalgi ayfonlarning yurtimizdagi narxiga ham ijobiy ta’sir qildi.

Misol uchun, «Malika» savdo markazida 2017 yilning 20 avgust holatida iPhone 7'ning eng arzon talqini 5.040.000 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 11 oktyabrida bu narx 5 197 500 so‘mga ko‘tarilgan. Ayni paytda bu talqin uchun ushbu savdo majmuasida 4 961 000 so‘m so‘ralmoqda. Bu ham, sezilarli arzonlashuv.

Shuningdek, shu yilning 20 avgustida Iphone 7 plus'ning eng arzon versiyasi (32gb) 6.000.000 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 11 oktyabrda 6 105 000 so‘mga oshgan. Hozirda esa uning narxi 5 781 000 so‘mni tashkil qiladi. 7 Plus esa Apple'ning ilk 2 sensorli bosh kameraga ega flagmani. Keng burchakli hamda telefoto linzalari bilan bu kamera sifatli surta olishda peshqadam. A10 Fusion chipi bilan birga, korpusning suv hamda changdan himoyalangani katta yangilik bo‘ldi.

Hamma flagmanlar arzonlashmoqda
Jahon smartfon bozorida barcha flagmanlar arzonlashishda davom etmoqda. Misol uchun, iPhone 8 va 8 Plus sanoqli hafta ichida 18% ga arzonlashgan. Shu bilan birga, yirik displeyli va ilg‘or elektron qalamchaga ega Galaxy Note8 25% ga arzonlashib, ayni paytda 1,214 AQSh dollaridan sotilmoqda.