iPhone 8 ishtirokida ilk favqulodda holat yuz berdi

iPhone 8 ishtirokida ilk favqulodda holat yuz berdi

iPhone 8 ayni kunda smartfon bozorida diqqat-e’tiborda bo‘lib turgan mobil aloqa vositalaridan biri. Bu flagmandan suhbat chog‘ida eshitilayotgan shovqindan ommaviy shikoyat kelib tushgach, Apple bu nosozlikni tez orada bartaraf qilishga va’da berdi.

Biroq, yangi ayfon bilan bog‘liq bundan ham jiddiyroq muammo kelib chiqish ehtimoli paydo bo‘ldi. Tayvanlik ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishlaricha, bu yerda iPhone 8 Plus flagmani quvvat olayotganida o‘z-o‘zidan portlab ketgan. Suratlardan ham gadjetning jiddiy zarar ko‘rganini ko‘rish mumkin.

«Portlovchi» qurilma

OAV xabarlariga ko‘ra, Taychjun-Siti shaharchasida istiqomat qiladigan Vu ismli ayol bir necha kun avval 64 gigabaytli iPhone 8 Plus xarid qilgan. Smartfondan foydalanishning uchinchi kunida ayfon quvvat olish vaqtida portlab ketgan.

Foydalanuvchi ayfonni quvvatlantirishga qo‘yayotganida uning quvvat darajasi 70 foiz bo‘lgan. Oradan 3 daqiqa o‘tar-o‘tmas smartfon portlagan va orqa panel korpusdan ajralib chiqqan. Jabrlanuvchi ayfonning quvvatlash qurilmasi original bo‘lganini alohida qayd etgan.

Ayolning ma’lum qilishicha, u Apple'ning iPhone 4 modelidan tortib barcha smartfonlaridan foydalangan va shu vaqtgacha bunaqa favqulodda holatga duch kelmagan. Qayd etilishicha, portlab ketgan iPhone 8 Plus o‘rganish uchun zavodga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, iPhone 8 bugundan Rossiyada 985 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!