iPhone X ekranidagi «o‘yiq» – Apple’ning ajoyib «imzo»si!

  •   DiMaX
  •  2248
  •  29.11.2017 13:31

iPhone X ekranidagi «o‘yiq» – Apple’ning ajoyib «imzo»si!

Kupertinolik texnogigantning yubiley ayfonida eng innovatsion jihatlardan biri aynan uning yuqorisi «o‘yiq»li ekrani bo‘ldi. Brendlar bo‘yicha mutaxassis Pol Uortington displey va dizayndagi mazkur yechimning o‘ziga xosligini o‘z blogida ta’kidlab ko‘rsatgan.

O‘QING: Atigi 80 dollarga Android’da ishlovchi to‘rt kamerali iPhone X chiqyapti!

Foydalanuvchilar va tahlilchilarning ayrimlari ekrandagi shu «kemtik»ni Apple’ning xatosi, smartfonsozlikdagi bir nuqsondek baholab, norozilik bildirishmoqda. Ammo, Pol Uortington fikriga ko‘ra, aksincha: mazkur «o‘yiq» – qoyilmaqom yechimdir.

Mutaxassis buni quyidagi uchta surat yordamida osongina tushuntirib beradi.

Birinchi suratda o‘sha – barchamiz bilgan iPhone tasvirlangan. Qarang-chi, unda eng ko‘zga tashlanadigan detal nima? Ha, yashang, bu – doira shaklidagi «Home» tugmachasi. Kimdir cho‘ntagidan smartfonni chiqarganida, ayni mana shu tugmachasi tufayli uning aynan iPhone ekanini darrov anglaymiz. Shunday tugmachaga ega telefon ishlatadigan kishilar o‘zi haqida nimadir demoqchi bo‘lgandek, aynan iPhone tutayotganini namoyish etayotgandek bo‘ladi.

Endi ikkinchi rasmga e’tibor qaratamiz:

Bu – korpusining old panelini ekran butkul egallab olgan biror smartfon. Uning eng ko‘zga tashlanuvchi detali nimadan iborat? Ochig‘i, unda bunaqa sezilarli detalning o‘zi yo‘q! Agar kimdir shu kabi telefonni cho‘ntagidan chiqarsa, uning qaysi brendga mansub ekanini bilolmaysiz. Bu devays Galaxy yoki Pixel markali, yoxud biror noma’lum xitoylik smartfonsozning navbatdagi gadjeti bo‘lishi mumkin. Bunaqa telefon tutadigan kishi uchun, uning qaysi brendga oid smartfon ishlatayotganini boshqalar bilishlari shart emasdek go‘yo.

O‘QING: Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

Faqat iPhone foydalanuvchilarigina bunday qilishmaydi. Chunki...

Uchinchi suratga ahamiyat bering-da:

iPhone X’ni darrov tanidingiz-a? Xo‘sh, uning ajralib turuvchi detali qaysi? Tabiiyki, ekranning yuqorisidagi «o‘yiq»! Kimdir shunaqa «kemtik»li smartfonni cho‘ntagidan chiqarsa, unga qaraboq qanaqa model ekanini anglaysiz: «O, yangi iPhone’dan oldingizmi? Qanaqa ekan?» Shu savolingizning o‘ziyoq unga o‘zgacha ta’sir etadi, huzur baxsh etadi. Ming dollardan oshiq mablag‘ni bitta smartfonga sarflab xato qilmaganini anglashiga imkon beradi. Nafaqat smartfoni sifatli va ishonchli ekanligi, balki uni ko‘rib boshqalar ham qudratli brendning superflagmanini taniganliklari, u haqda so‘raganliklari ham iPhone X egasiga zavq bag‘ishlaydi, o‘zining ko‘pchilikdan boshqacha ekanligini his qilishiga imkon beradi.

O‘QING: Xitoyda eng ommabop premium-smartfon aniqlandi, ammo bu iPhone X emas...

Nima bo‘lganda ham, Apple boshqa brendlarga o‘xshamaydi, kompaniyadagilar esa buni yaxshi anglashadi. Kupertinolik bu korporatsiya hamisha texnologiyalar borasidagi premium-brend bo‘lib kelgan va shundayligicha qoladi. Uning uchun dizayn qulaylikka xizmat qilmaydi, balki mahsulot sohibining ijtimoiy maqomini ta’kidlab ko‘rsatadi.

iPhone X’ning «o‘yiq»li ekrani ham ayni shunday – mahsulotning Apple brendiga mansub ekanini ta’kidlab turuvchi dohiyona yechimdir. Qani, boshqa birorta smartfonsoz ham shunday telefon chiqarib ko‘rsin-chi!?

O‘QING: iPhone X’ning yana bir «klon»i – Little Pepper S11 bilan tanishing!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!