iPhone X: “inqilobiy ayfon” haqida 11 fakt!

iPhone X: “inqilobiy ayfon” haqida 11 fakt!

Apple'ning iPhone brendi 10 yoshga to‘lishi munosabati bilan korporatsiya "iPhone X" nomi bilan yangi flagmanni taqdim qildi. Dizayn va yangicha texnologiyalar masalasida iPhone X ayfonlar safiga yangicha "ob-havo" va narx-navo olib kelgan smartfon bo‘ldi. Quyida ana shu jihatlarga oid 11 ma’lumotni siz uchun tayyorladik. 

1) Bu model "IPHONE 10" deb o‘qiladi

Model nomidagi "X" belgisi harf emas, rimcha raqamni anglatadi.

Yangi iPhone rasman "iPhone 10" deb aytiladi. "X" belgisi esa bu nomga hasham bag‘ishlab turibdi.

2) Old panel -- deyarli to‘liq shisha

Smartfonlar turgan-bitgani shishaga aylanayotgan davrga kirib keldik. iPhone X ham ekran yonidagi rom va hoshiyadan xoli bo‘lgan.

5.8 dyuymli displey smartfonning old panelini egallab olgan. Displeyning silliq qayrilma yonlari to‘g‘i borib po‘latdan tayyorlangan sinchga joylashgani bois, korpus o‘zidan suv o‘tkazmaydi. Ekran yuqorisida qoldirilgan jajji hududda karnay va sensorlar o‘rnashgan.

Pishiq shisha old va orqa korpusga qoplangan. Apple bu kadar pishiq 7 qavatli himoya shishasi hali biror smartfonda foydalanilmaganini aytdi.

3) HDR texnologiyasi!

2436 x 1125 piksel sig‘imli ekranga ega iPhone X'ni Apple "Super Retina" Oled displeyga ega jahondagi ilk gadjet deb atadi. Har dyuymdagi piksellar miqdori 458 tani tashkil qiladi. Natijada, piksellarning donadorligi bilan bog‘liq muammo kuzatilmaydi.

Yubiley ayfonida Apple'ning "3D" zarb va "True Tone" texnologiyalari tatbiq qilingan. iPhone X ekrani tashqi yorug‘lik darajasiga qarab tasvir rang-tusini o‘zgartiradi.

OLED ekran o‘z ishini qilgan: surat va videoning aks etishi g‘oyatda yorqin va betakror.

Qolaversa, iPhone X tasvir uzatishning HDR, HDR10 texnologiyasini va Dolby Vision ovoz texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

4) "TOUCH ID" o‘rnini "FACE ID"ga bo‘shatib berdi

Bosh tugma endi yo‘q. iPhone X tugmalardan xoli bo‘lishga harakat qilgan.

TouchID o‘rniga joriy qilingan FaceID texnologiyasi old kamera yordamida yuzni 3 o‘lchamda skaner qiladi. Foydalanuvchi ayfonga qarashi bilan uning tizimi ochiladi.

Buning uchun 7 megapikselli old kamera va infra-qizil kamera, yuzdagi belgi va dog‘larga qarab uning xaritasini tuzadigan maxsus proyektor, shuningdek skaner qorong‘uda yuzni aniqroq chizishi uchun yoritgich o‘zaro hamkorlik qiladi. Ekspertlarning fikricha. bu -- hozircha tatbiq qilingan eng xavfsiz yuz skaneri bo‘lishi mumkin.

5) Animojis -- kayfiyatning aksi

Shu nomdagi ishlanma sizning kayfiyatingizni animatsiya ko‘rinishida chatga ko‘chiradi. Qiyofaning xaritasini chizadigan proyektordan unumli foydalanilgan.

Animojis qiyofa tuzilishiga qarab -- tabassum, jahl, jilmayish, hayrat yoki g‘azab kabi kerakli emojini suhbatdoshga yuboradi.

6) Yanada ilg‘or qo‘sh-kamera

iPhone X'ning bosh kamerasidagi 12 megapikselli 2 ta sensorlar iPhone 8 Plus'nikiga o‘xshab ketadi. Faqat ularning joylashuvi vertikal.

Bosh sensor f/1.8 diafragmali yorug‘lik linzasiga ega bo‘lgan. Telefoto uchun esa f/2.4 aperturali linza tanlangan. Bu esa yorug‘lik past sharoitda yorqin surat olish uchun xizmat qiladi.

Bosh kameradagi har ikkala sensor optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega bo‘lgan.

Tasvirni qayta ishlash jarayonida Apple tezkor avtofokus, HDR-fotolar, rang-tusga to‘yingan piksellarni va’da qilmoqda.

7) "Portrait Lighting" rejimi

Apple'ning "Portret" rejimiga xos orqa va yon fonni g‘ira-shira qilib suratga olish imkoni bilan 2016 yilda tanishganmiz. iPhone X esa "Portrait Lightning" rejimi bilan o‘ziga xos.

Endi suratga tushganda kameralar ob’yektlarning o‘lchamli xaritasini tuzadi. Buni "sun’iy idrok" tizimi amalga oshiradi. Bunda kamera yuzdagi a’zolarni yaqindan taniydi va suratda ham ularga zarur yorug‘likni beradi.

Ayniqsa, 4 tusli LED fotochaqnog‘i surat sifatli chiqishi uchun jonbozlik ko‘rsatadi.

"X" modeli old kamerasi portret rejimida suratga olishga mo‘ljallangan ilk iPhone.

8) ARkit virtual voqelik texnologiyasi

Romdan xoli OLED-displey, harakatni qayda etadigan yangicha akselerometr va giroskop, sekundiga 60 ta kadr o‘tadigan ekran, ilg‘or kamera kabi imkoniyatlar aslida virtual voqelik texnologiyasi uchun ayni muddao.

Ularning yordamida ilovalar va o‘yinlarga kirib virtual buyumlarni ushlash va ularni joylashtirish, ular bilan aloqa qilish mumkin. 


9) Simsiz quvvat olish

Metall korpusdan shishaga o‘tishning bosh sababi, shubhasizki smartfonda simsiz quvat olish texnologiyasini joriy qilish bo‘lgan.

Apple iPhone X'dagi Qi quvvatlash texnologiyasi uni xohlagan rususmdagi quvvatlash stansiyasida zaryadlash imkonini beradi. Ayni paytda bu standartda smartfonlar 30 daqiqada 50 foiz quvvatni to‘ldirishlari mumkin.

10) Noyabrda do‘konlarni "zabt etadi"

Apple iPhone X qatoridagi yangi ayfonlardan bir oz kech sotuvga chiqadi. Unga avvaldan buyurtmani 27 oktyabrdan rasmiylashtirish mumkin. Sotuvga kumush yoki kul rangli korpusda chiqariladi.

Uning 64 va 256 gigabaytli doimiy xotirali talqinlari ishlab chiqariladi. Tezkor xotira sig‘imi esa 3 gigabayt.

Flagman 3 noyabrdan sotuvga chiqariladi.

11) Apple tarixidagi eng qimmat iPhone

iPhone X 2 talqinda — 64 GB va 256GB doimiy xotirali talqinlarda sotuvga chiqadi. Uning narxi 999 dollardan boshlanadi! Eng qimmati esa $1,149 dollardan sotiladi.


Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!