iPhone X raqibi – romsiz Ultra Pixel foto va videosi chiqdi

  •   DiMaX
  •  1249
  •  29.09.2017 10:46

iPhone X raqibi – romsiz Ultra Pixel foto va videosi chiqdi

Joriy yilning 4 oktyabrida Google o‘zining ikkita yangi smartfoni – Pixel 2 hamda Pixel 2 XL modellarini taqdim etishi kutilayotgan edi. Kompaniya mazkur taqdimot marosimini noan’anaviy tarzda ma’lum qilganidan ham xabaringiz bor.

Ammo, agarda Mrwhosetheboss nomli YouTube-kanal mualliflariga ishonadigan bo‘lsak, Google shu kuni yana bir qurilma – Ultra Pixel modelini ham namoyish etishga hozirlik ko‘ryapti. (Diqqat qiling: bu nomni HTC kamerasidagi Ultrapixel texnologiyasi bilan chalkashtirmang).

Xullasi kalom, insayderlar Google ofisidan jo‘natgan suratlarni AndroidInsider sayti e’lon qilgan. Ularga nazar solsak, smartfon chindan ham kupertinolik gigantning «yubiley ayfoni»ga raqobatchi bo‘la oladigan darajada. Mana, o‘zingiz tomosha qiling-da:

To‘g‘ri, Ultra Pixel’ning ekrani tepa va pastki qismlarida romlari mavjud, ammo ular o‘ta yupqa. Shuningdek, smartfon ekranining pastida g‘alati shakllar mavjud – qurilmani imo-ishoralar bilan boshqarish mumkinligini Google shu tariqa namoyish etgan.

Mana, videolavhada hammasi yaxshiroq ko‘rinadi:

Ultra Pixel modelida kompaniya barcha ko‘nikib qolgan navigatsiya tugmachalaridan voz kechishga qaror qilgan. Bu devaysda yangicha animatsiyalar ham joriy etilishi kutilmoqda. Shuningdek, gadjetning o‘ta yupqa ekanini ham payqagandirsiz – bu omil akkumulyator sig‘imiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Ushbu smartfon korpusining old panelida stereodinamiklar bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Ultra Pixel yangi turdagi barmoq izi skaneri va qo‘shaloq kamera bilan jihozlangan. Aftidan, yangi turdagi deganda, daktiloskopik datchikning displey ostiga joylashtirilishi nazarda tutilmoqda. Aslini olganda, mazkur texnologiya allaqachon ishlab chiqilgan, faqat uni tijorat maqsadlarida ommaviy ishlab chiqariluvchi smartfonlarga joriy etish qolgan, xolos.