Meizu bir kunda 200 mingta arzon M6 Note sotishga erishdi

Meizu bir kunda 200 mingta arzon M6 Note sotishga erishdi

Meizu M6 Note smartfoni Meizu kompaniyasining Snapdragon protsessoriga ega ilk smartfoni ekani, shuningdek qo‘sh sensorli, flagmanlar darajasida surat oladigan bosh kamerasi bilan ham o‘ziga xosdir.

1 sentyabrda Meizu M6 Note rasman sotuvga chiqarildi. Uning boshlang‘ich talqini (3/16 GB) $165, shuningdek 3/32 GB talqini $195, 4 gigabaytli tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega yuqori talqini $255 dollardan sotilmoqda. Smartfon bozorda Xiaomi Mi 5X hamda ZTE Nubia Z17 mini'ga qarshi kurashadi.

Meizu M6 Note xarid qilish istagida 6 milliondan ziyod odam avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan edi. Bir vaqtning o‘zida ham oflayn, ham onlayn do‘konlarda sotuvga chiqarilgan smartfon 1 sutkada 200 ming dona sotilgan. Kompaniya shuni ham katta natija sifatida nishonlamoqda.    

Meizu M6 Note fableti 5.5 dyuymli, Full HD sig‘imli displeyga, 8 yadroli va 2 GGs chastota tezligida ishlaydigan Snapdragon 625 protsessoriga ega bo‘lgan. Shuningdek, smartfonga Adreno 506 video-kartasi o‘rnatilgan. Ma’lum qilinishicha, smartfon platformasi avvalgi avlod fabletlarining platformasidan 71% samaraliroq ishlaydi.

Meizu M6 Note talqiniga ko‘ra 3 yoki 4 GB tezkor xotira, kengaytirish mumkin bo‘lgan 16, 32 yoki 64 GB doimiy ichki xotiraga ega bo‘lgan. Smartfon 2 ta SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi va 4G LTE Cat.7 tarmog‘ida ishlaydi.

Meizu M6 Note orqa panelidagi qo‘sh sensorlardan birining piksel sig‘imi 12 megapiksel (Sony IMX362), piksel hajmi 1.4 mkm, yorug‘lik linzasining hajmi f/1.9. Yordamchi sensor uchun 5 megapikselli modul tanlangan. Bosh kamerada  Dual PD tezkor avtofokus joriy qilingan. Bu funksiya surat fokusini 0.03 sekund ichida belgilay oladi.

Smartfon akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 4000 mA soat. Unga 18 vattli mCharge tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy qilingan. Barmoq izlari skaneri ekran ostidagi bosh tugmaga o‘rnatilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!