Microsoft ko‘zi ojizlar uchun mobil ilova yaratdi (+video)

  •   DiMaX
  •  1393
  •  17.07.2017 13:14

Microsoft ko‘zi ojizlar uchun mobil ilova yaratdi (+video)

Yangi texnologiyalar va turli dasturlar bizning hayotimizni qulaylashtirishda davom etmoqda. Masalan, ko‘zi ojiz hamda ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan kishilar uchun ishlab chiqilgan Seeing AI bepul mobil dasturi atrofdagi predmetlarni «skanerlash» imkonini beradi. Bu haqda Futurist.ru sayti xabar bermoqda.

Ushbu ilovaning ishlash mexanizmi judayam oddiy: avvalo, aynan nimani «ko‘rib, tanib olish» kerakligi ko‘rsatiladi: odammi, yozuvmi, rasmmi yoki boshqa biror predmetmi. Keyin esa ilova smartfon kamerasi orqali «ko‘rgani»ni tasvirlab beradi, masalan – yashil ko‘ylakli, ko‘zoynak taqqan, mo‘ylovli yigit. Siz ushbu tavsif orqali bu kishi – do‘stingiz Temur ekanini bilasiz va buni yozib qo‘yasiz. Keyingi gal uni suratga olishingiz bilan, Seeing AI ilovasi uni «taniydi» va: «Bu – do‘stingiz Temur, u sizga tabassum qilmoqda!»

Bundan tashqari, Seeing AI dasturi shtrixkodlarni va kupyuralarni ham «taniydi». Ayniqsa, barcha nominallarining o‘lchami bir xil bo‘lgan AQSh dollari kupyuralarini ajratishda bu qo‘l kelishi tabiiy.

Shuningdek, boshqa ilovalardagi suratlarda nima tasvirlanganligini ham bilish mumkin. Buning uchun o‘sha tasvirni Seeing AI’ga import qilish yetarli.

Microsoft ushbu dasturini yaratishda hamma narsani hisobga olgan va ilovaga mana bu funksiyani ham qo‘shgan: qiziqtirayotgan ob’yekt kadrga to‘liq tushishi uchun kamerani qaysi tomonga surish kerakligini ham aytadi.

To‘g‘ri, mazkur foydali ilovadan hozircha faqat AQShdagi iOS platformasida ishlovchi qurilmalar egalarigina foydalana olishadi. Android-qurilmalarga va boshqa mamlakatlarga qachon navbat kelishiga esa Microsoft aniqlik kiritmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!