NIHOYaT, «OLMA» PIShDI!

  •   DiMaX
  •  2067
  •  13.09.2017 12:05

NIHOYaT, «OLMA» PIShDI!

«Olma pishkanda galing,
Teyina tushkanda galing...»
Shunaqa #misralar bilan boshlanuvchi xorazmcha qo‘shiqni eshitgansiz-a? 

Xullasi kalom, bizning vaqt bo‘yicha kecha – 13 sentyabrga o‘tar tunda «Olma» pishib, rosa hosil berdi! Ya’ni, Apple kompaniyasining «Stiv Jobs teatri»da yangi gadjetlar hamda iOS 11 mobil operatsion tizimining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. «Terabayt.Uz» sayti esa mazkur tadbirni o‘z vaqtida yoritib bordi.

Bu – joriy yilning texnologiyalar olamidagi eng ko‘p kutilgan, muhokama qilingan voqeasi edi. Marosim kompaniya asoschilaridan biri – afsonaviy Stiv Jobs to‘g‘risidagi video bilan boshlandi. So‘ng sahnaga kompaniyaning hozirgi rahbari Tim Kuk chiqib, Jobs to‘g‘risida, mazkur Teatr haqida, kompaniya va uning mahsulotlari xususida to‘lqinlanib gapirdi.

Shunday qilib, marosimda taqdim etilgan ilk qurilma – Apple Watch Series 3 smart-soati bo‘lib, avvalgi barcha «aqlli» soatlardan afzal tarzda, u mobil aloqa moduliga ega! Ya’ni, endi smartfondan mustaqil ravishda, shu soatning o‘zidan aloqaga chiqish mumkin.


Bu haqdagi maqolani mana bu yerda o‘qib olishingiz mumkin.

Shundan so‘ng Apple TV 4K pristavkasi rasman namoyish qilindi! Sahnada bu ishlanmaga mas’ul Eddi Kyu chiqib keldi. Pristaka nafaqat 4K, balki 4K HDR, ya’ni tasvir uzatishning HDR 10 standartidan ham sifatliroq texnologiyani qo‘llab-quvvatlar ekan.


Mazkur gadjet to‘g‘risida mana bu xabardan batafsil ma’lumot olish imkoni bor.

Va nihoyat, yangi iPhone flagmaniga navbat yetib keldi. Kompaniya rahbari iPhone’lar oxirgi 10 yilda jahonni qanchalar o‘zgartirib yuborganini gapirib berdi. So‘ng uzoq kutilgan smartfonlar – 4.7 dyuymli iPhone 8 va 5.5 dyuymli iPhone PLUS flagmanlari namoyish etildi. Mazkur devayslar avval taxmin qilingan va kutilmagan ko‘plab xususiyatlarga ega ekanligi birma-bir namoyish etildi. Shuningdek, ularning narxi shu paytgacha ko‘pchilik o‘ylayotganidan ko‘ra farqli ekani ham e’tiborga loyiq!

Yaxshisi, bular bilan batafsil mana bu xabarda o‘zingiz tanishib chiqaqoling.

Ammo bu hali hammasi emas edi, oldinda Apple kompaniyasining «yubiley» smartfoni – iPhone X taqdimoti bor edi. Mazkur qurilmaning namoyishi hammani hayratga soldi – u shu paytgacha yaratilgan barcha smartfonlar orasida eng kuchlisi, axir! Apple uni «Super Retina texnologiyasidagi OLED ekran» deb atadi. 3D Touch, True Tone, Home tugmalari endi yo‘q, ekran esa barmoq tegishi bilan yoqiladi. Smartfoni blokdan chiqarish uchun esa yuzni tanib oluvchi Face ID skaneridan foydalanilgan. Bu funksiya uchun protsessorga qo‘shimcha tarzda o‘rnatilgan yordamchi chip mas’ul. Ekran ustidagi kichik hududda joylashgan datchiklar orasidagi infra-qizil rangli kamera Face ID funksiyasining tunda ham ishlashiga xizmat qiladi.


iPhone X’ning boshqa xususiyatlari hamda taqdimotdagi suratlari bilan ushbu maqolada tanishish imkoni mavjud.

Darvoqe, mobil vositalarning platforma samaradorligini baholaydigan Geekbench resursi yangi iPhone’ning tizimdan samarali ishlash bo‘yicha imtihondan o‘tganligi aks etgan suratlarni e’lon qildi. Aytish kerakki, samaradorlik bo‘yicha yangi avlod ayfonlari raqiblarini «yer tishlatdi». Bu xususda mana bu maqolamiz orqali batafsil tanishib olishingiz mumkin.


Xullas, «Olma»ning yangi hosilidan olingan dastlabki taassurotlar asosan mana shulardir. Boshqa yangiliklar, tafsilotlar hamda narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib borish uchun «Terabayt.Uz» saytidan uzoqlashmang!


Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!