Nokia 3: Xiaomi'ga yo‘nalgan fincha zarbaning kuchi qancha?

Nokia 3: Xiaomi'ga yo‘nalgan fincha zarbaning kuchi qancha?

Yil boshida finlyandiyalik HMD Global kompaniyasi Nokia brendi ostida yangi smartfon turkumini taqdim qilgan edi. Bu turkumning «kenja» modeli Nokia 3 bo‘lib, shu yilning iyunida sotuvga chiqarilgan. Hamyonbopligi bilan diqqatga sazovor smartfon bozorda xitoylik arzon raqiblariga qarshi tura oladimi? Quyida shu to‘g‘rida ma’lumot beramiz.

Dizayn: juda-juda tanish "qiyofa" va umumiy jihatlar

Gadjet tashqi ko‘rinishidan 2-3 yillik Lumia turkumiga kiruvchi smartfonlarni eslatib yuboradi. Devays "baquvvat" romlari bilan darrov ko‘zga tashlanadi. 

Nokia 3 korpusi asosan plastikdan ishlangan va uni tutib turuvchi romgina metalldan tayyorlangan. Romning yon tomonlari qayrilma bo‘lgani bois gadjet kaftda ishonch bilan joylashadi.

Nokia 3'ning old paneliga pishiq himoya shishasi yotqizilgan. Smartfonda barmoq izlari skaneri joriy qilinmagan. 2017 yildagi hamyonbop smartfonlar bilan solishtirganda, buni kamchilik deb qabul qilish mumkin.

Shuningdek, old panel quyisidagi "ortga", "bosh menyu" kabi virtual tugmalarga klavishosti chirog‘ining o‘rnatilmaganini ham kamchilik sifatida qayd etish mumkin. Tungi sharoitda bu tugmalar ko‘rinmaydi. 

Nokia 3 orqa paneli ko‘rinishidan dag‘al, biroq ushlaganda yumshoq ta’sir qiladigan polikarbonat xomashyosidan tayyorlangan. Bu korpus Lumia 925/930 kabi, barmoq izlariga o‘ch emasligi bilan o‘ziga xos. Orqa panelda 8 megapikselli kamera mavjud. Bu kameradan taassurotil suratlar kutish -- xato.

Tashqi dinamik dinamik Nokia 3 korpusining quyisida joylashgan. Uning ovoz taratishi -- o‘rtacha. Bu karnay past chastotada ovoz uzatishga bir oz qiynaladi. Shu bilan birga, ko‘cha-ko‘da yurganda qo‘ng‘iroqlarni o‘tkazib yuborishingizga yo‘l qo‘ymaydi: ovoz keragidan ortiq.

Smartfonning yutuq jihatlari qatoriga bir vaqtning o‘zida 2 ta nano-SIM-karta hamda alohida microSD qo‘shimcha xotira kartasi uchun bo‘lmachalarning mavjudligini aytish mumkin.

Yana bir e’tiborli plyus tomoni — qadoqdagi komplektda audio-quloqchin ham taqdim qilinadi! Oddiy bo‘lsa ham, harqalay bu yaxshi sovg‘a. Oxirgi vaqtlarda aksariyat arzon smartfon modellariga naushnik qo‘shib berilmayapti.

Ekran: arzonning oshi ...

Nokia 3 mobil aloqa vositasida 5 dyuymli, IPS-matritsali, HD (1280 x 720 pikselli) sig‘imli displeydan foydalanilgan. Ba’zida tasvir piksellaridag donadorlik seziladi. Har dyuymdagi 294 dona piksel sig‘imi bois, ekranda yorug‘lik bir oz yetishmaydi.

Quyoshli kunda ekranda ba’zi detallarni, misol uchun, matnni ko‘rish doim ham mumkin bo‘lmaydi. Shu bilan birga, ekran sal qiyalasa ham, tasvir xiralashib qoladi. Biroq, ekranning rang uzatishi doimo joyida — rang-tusning aks etishi tabiiy va ranglar aralashib ketmaydi.

Shu bilan birga, ekran bilan bog‘liq yaxshi tomonlar qatorida oleofob. ya’ni barmoqdan yuqadigan dog‘-dug‘ga qarshi qoplamani aytish mumkin. Shuning evaziga ekran xohlagan yumshoq gazlama bilan artilsa, darrov jilodorligi qaytadi. Displey bo‘yicha umumiy xulosa — yuqori sifatga yaqin va o‘rtachadan yuqori. Nokia 3'ning arzonligini ham unutmaslik kerak.

Protsessor va platforma: past, biroq yetarli samaradorlik 

Smartfonda 4 yadroli, chastota tezligi 1,4 GGs bo‘lgan Mediatek MT6737 protsessoridan foydalanilgan. Undagi tezkor xotira sig‘imi 2 GB. Videokarta uchun Mali-T720MP1 chipi tanlangan. Doimiy xotira sig‘imi 16 gigabaytli va uni kattalashtirish mumkin.

Bu jihatlar arzon smartfonlarga xos. Nokia 3'dan yuqori samaradorlik kutish -- xato. Misol uchun, taniqli AnTuTu benchmarkida bu smartfon 27 000 ochko olgan — o‘rta darajalai smartfonlardan ancha-muncha past. Taqqoslash uchun aytish mumkin, Snapdragon 625 chipiga ega ommabop hamyonbop smartfon  Xiaomi Redmi Note 4X Antutu'da 90 ming ball to‘plagan. Yoki eng arzon Redmi 4A 36 ming ball to‘plagan.

Shu bilan birga, Nokia 3 internetdan foydalanganda ko‘pincha "qotib" qoladi. Ilova va o‘zining funksiyalarida bu kabi muammolar ommaviy kuzatilmagan. Boisi, smartfon eng ilg‘or Android 7.0 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. 

Video-karta grafikaga boy o‘yinlarni "xush ko‘rmaydi", shu bilan birga, "og‘ir" o‘yinlarni o‘ynaganda, 15 daqiqadan so‘ng korpusning yuqori qismi bir oz qizib ketadi.

Nokia 3’ning kuchli bir jihati borki, u aynan shu bilan raqibini yer tishlatishi mumkin. Hamyonbop smartfonlar bozorida bu jihatga boshqa biror telefon, jumladan Xiaomi Redmi Note 4 ham ega emas.

Bu – muntazam yangilanib turadigan Android operatsion tizimi. Nokia 3 doimiy ravishda zamonaviy dastur va funksiyalarga ega bo‘lib, foydalanuvchi uchun imkoniyatlarni kengaytirib boraveradi.

Akkumulyator: "kechgacha rozetkaga yetsam bo‘ldi"

Nokia 3'ning akkumulyator sig‘imi 2630 mA soat. Faol foydalanuvchilar (yarim soatlik suhbat, bir soat musiqa tinglash, Wi-Fi tarmog‘ida internet bo‘ylab "sayr") bu quvvatni 1 kunda sarflashlari mumkin. Agar o‘yinlar o‘ynalsa, Nokia 3 batareyasi yanada tezroq pand berib qo‘yadi. AnTuTu Tester resursida smartfon quvvatdorlik bo‘yicha 5700 ball to‘plagan — o‘rtacha natija.

Smartfon tezkor quvvat olish texnologiyasiga ega bo‘lmagan. Shu bilan birga, akkumulyatorning to‘liq quvvat olishi uchun 2 soatdan oshiqrok vaqt ketadi.

Kamera: chidasa bo‘ladi

Nokia 3 bosh kamerasi 8 megapikselli. Uning yorug‘lik linzasining hajmi f/2.0 ga teng. Bu diafragma yaxshi surat olish yetarli emas. Agar kun ochik va yorug‘lik yetarli bo‘lsa, bosh kamera yaxshi suratga oladi. Bulutli havoda esa kamera uyaltirib qo‘yadi. Kadrdagi ob’yektlar o‘rtasidagi ranglarning qarama-qarshiligi past.

Biroq, yaxshi xabar ham bor -- Nokia 3 devaysi 8 megapikselli selfi-kameraga ega bo‘lgan.

Uning yana bir o‘ziga xosligi — avtofokuslash tizimining mavjudligi. Bu jihat aksaryait flagman smartfonlarda ham yo‘q. Ayni shu funksiyaning xizmatlari evaziga detallarga boy selfilar olish mumkin.

Quyidagi suratlarga qarab tavsifimiz "qahramoni"ning kamera imkoniyatlariga baho bering.

Selfi-kamera imkoniyati:

Xulosa, narx-navo va raqiblar 

Nokia 3'ning yaxshi jihatlari sifatida puliga yarasha displey, old  kamera (avtofokuslaydigan), 2 ta SIM-karta va alohida microSD fleshkasini o‘rnatish, shuningdek «toza» Android tizimini aytish mumkin.

Kamchiliklari ham yo‘q emas — akkumulyator juda zo‘r emas, bosh fotomodul ko‘ngildagidek emas, protsessor bir oz sustroq.

Taqqoslash uchun aytamiz. platforma samaradorligi va ba’zi jihatldari bilan Nokia 3 smartfoni bizga taniqli hamyonbop Samsung Galaxy J3 (2017)'ni eslatib yuboradi.

Bir narsani unutmaslik kerak — Nokia 3 boshlang‘ich darajali. Devays jahon bozoriga 170 AQSh dollari bahosiga chiqarilgan. Uni O‘zbekiston smartfon bozoridan 1,4 million so‘m atrofida xarid qilish mumkin. Bu "aqlli telefon"ning raqiblari qatorida Xiaomi Redmi 4A yoki Meizu M5c kabi modellarni aytish mumkin. Shu bilan birga, bu gadjetlarning protsessorlari birmuncha kuchli.

So‘nggi mulohaza

Modomiki, farzandingiz uchun yoki aloqada bo‘lish va androidning ilg‘or jihatlaridan foydalanish uchun smartfon izlab yurgan bo‘lsangiz, Nokia 3 -- yaxshi tanlov va Terabayt sizga bu modelni tavsiya qiladi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

olx.uz 1,4 млн сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!