Opera’ning desktop talqini endi selfi qila oladi (+video)
Ommabop brauzerlardan sanalmish Opera’ning ishlab chiquvchilar jamoasi uning Opera 49 beta-talqini chiqishi haqida xabar berishdi.
Ushbu versiyadagi desktop Opera endi ekrandan skrinshot qila oladigan bo‘ldi. Bugina emas – selfi, stiker yoki rasm qo‘shib, o‘sha skrinshotni brauzer orqali tahrirlash ham mumkin.
Opera turli messenjerlar bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlagani sababli, foydalanuvchilar endi o‘z skrinshotlarini VK, Facebook Messenger, WhatsApp yoki Telegram messenjerlari orqali ulashishlari mumkin.
Yangi beta-talqindagi desktop Opera’da yana bir necha yangiliklar mavjud: yon paneldagi VK messenjeri; brauzerning tezkor sozlamalari uchun yangi panel; shuningdek, HiDPI ekranlarda veb-kontentni ko‘rish sifatining yaxshilanganligi.
Brauzerning shu kabi yangi funksiyalari quyidagi videolavhada batafsil aks ettirilgan:
Windows, macOS hamda Linux operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydigan kompyuterlar uchun Opera 49 beta-talqinini brauzerning saytidagi maxsus sahifaga mana bu havola orqali o‘tib, ko‘chirib olish mumkin.