O‘zbekistonda ilk bora “Dasturlash soati” deb nomlangan butun jahon ta’lim aksiyasi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda ilk bora “Dasturlash soati” deb nomlangan butun jahon ta’lim aksiyasi o‘tkaziladi

10 dekabr kuni O‘zbekistonda ilk bora  kompyuterlar va dasturlashni o‘rganishga yoshlarni jalb etish uchun qaratilgan “Dasturlash soati” global harakati o‘tkaziladi, deya xabar berilmoqda Inha universitetining rasmiy saytida.

“Dasturlash soati” aksiyasi butun dunyo bo‘ylab odamlarni dasturlash asoslarini o‘rganish uchun bir soat sarflashga chaqiradi. 2017 yil 10 dekabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida global harakat doirasida bir soatlik dasturlash darslari bo‘lib o‘tadi.  Loyiha “Microsoft” korporatsiyasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va “CodeCraft” loyihasi ishtirokida tashkil etilgan.

Tadbir doirasida 8 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun uchta dars mashg‘uloti o‘tkaziladi. Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish http://codecraft.uz/minecraft/ saytida ochilgan va 2017 yil 8 dekabrga qadar davom etadi.

Mazkur tashabbusni har yili 180 dan ortiq mamlakat qo‘llab-quvvatlaydi. “Dasturlash soati” - har bir o‘quvchi va talabaning o‘z qobiliyatlarini namoyish etishlari, AT sohasidagi boshlang‘ich bilimlarni olishlari, dasturlarning asoslarini o‘rganishlari va kelajakda qaysi kasb tanlashga qaror qilishlari uchun imkoniyatdir. O‘qituvchilar, o‘z navbatida, o‘qitishda yangi interaktiv texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lib, shu bilan o‘quvchilarning o‘z fanlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshiradilar.

“Microsoft” kompaniyasi “Dasturlash soati”ga bag‘ishlab, mashhur “Minecraft” o‘yiniga asoslangan “Hero`s Journey” (“Qahramon yo‘li”) deb nomlangan o‘yin qo‘llanmasini chop etdi. Qo‘llanma maktab mashg‘ulotlari, sinflar va uy darslari davomida kompyuter fanining asoslarini sodda va qiziqarli tarzda o‘rganish uchun mo‘ljallangan. Mualliflar, ijodiy yondashgan holda Agentlar, ya’ni qiziqarli qahramonlar yordamida o‘quvchilarga dasturlashning asosiy tushunchalari va prinsiplarini taqdim etadilar. Mazkur aksiyaga xohishi bo‘lgan har qanday ta’lim muassasasi qo‘shilishi mumkin.

“Bizning vazifamiz – yoshlarni informatika va dasturlashga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, IT-sohasining obro‘sini oshirish, maktab o‘quvchilarini mazkur sohada kasb olishlariga rag‘batlatirishdir. Yoshlar e’tiborini axborot texnologiyalariga jalb qilish uchun, murakkab narsalar to‘g‘risida oddiy, har bir kishi uchun tushunarli, sodda tilda taqdim etish muhim ahamiyatga ega. Bugun biz axborot texnologiyalarisiz hayotni tasavvur qila olmaymiz. O‘z kareralarini dasturlash bilan bog‘lashga qaror qilgan talabalar, murakkab va shu bilan birga judayam nufuzli sohada o‘sish va rivojlanish, katta maoshlar olib, horijda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda”, - dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev.

Axborot texnologiyalari jahon iqtisodiyotini o‘zgartiradi, yosh avlodga yangi talablar qo‘yadi. Jahon iqtisodiy forumi natijalariga ko‘ra, zamonaviy maktab o‘quvchilarining 65 foizdan ortig‘i kelajakda bugungi kunda mavjud bo‘lmagan kasblarda ishlashadi. “Microsoft” maktablar, universitetlar va xayriya tashkilotlari bilan ishlab, bo‘lajak mutaxassislarni zamonaviy raqamli iqtisodiyotda moslashishga va professional muvaffaqiyatga erishishga zarur bo‘lgan tanqidiy fikrlash va texnik ko‘nikmalarga o‘rgatishadi.

“Microsoft” to‘g‘risida ma’lumot

1975 yilda tashkil etilgan “Microsoft” korporatsiyasi shaxsiy kompyuterlar va serverlar uchun dasturiy ta’minot, xizmatlar va Internet-texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda etakchi hisoblanadi.

“Microsoft” keng ko‘lamdagi dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Ular orasida ish stoli va tarmoq operatsion tizimlari, mijoz-server muhitlari uchun server ilovalari, foydalanuvchilar uchun ish stoli biznes ilovalari va ofis ilovalari, interaktiv dasturlar va o‘yinlar, Internetda ishlaydigan vositalar va rivojlantirish vositalari mavjud. Bundan tashqari, “Microsoft” interaktiv (onlayn) xizmatlar taqdim etadi, kompyuter mavzularida kitoblar nashr etadi, kompyuterlar uchun periferik uskunalar ishlab chiqaradi, yangi kompyuter texnologiyalarini tadqiq etish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. “Microsoft” mahsulotlari dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida sotiladi, 45 dan ortiq tilga tarjima qilinadi va ko‘pchilik shaxsiy kompyuterlarning platformalari bilan mos keladi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti to‘g‘risida

Toshkent shahridagi Inha universiteti O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Toshkent shahrida Inha universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2014 yilning 24 mart kuni bunyod etilgan.

Universitet o‘z faoliyatini 2014 yilning 2 oktyabr kuni boshladi. Bugungi kunda universitet “Kompyuter va dasturiy injiniring” hamda “Logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!