Putin kelajakda jahonda qaysi davlat hukmronlik qilishini aytdi

Putin kelajakda jahonda qaysi davlat hukmronlik qilishini aytdi

Rossiya federatsiyasi rahbari Vladimir Putin 1 sentyabrdagi Yaroslávl viloyatiga tashrifi mobaynida "sun’iy aql" yaratishda peshqadamlik ko‘rsatgan mamlakat istiqbolda jahonda hukmron bo‘lishini ma’lum qildi. Rossiya prezidentining fikricha, "sun’iy aql" -- bu ulkan imkoniyat va oldindan aytish qiyin bo‘lgan rivojlanishdir. Bu to‘g‘rida Rossiyaning TASS axborot agentligi xabar bermoqda.  

Texnologik loyihalar o‘rin olgan "Proyektoriya" forumidagi chiqishida Vladimir Putin maktab o‘quvchilari va talabalarga bu texnologiya muayyan "qo‘llar"ning ixtiyorida bo‘lishi kerak emasligini, har bir jamiyat uni rivojlantirishga diqqat qilishi kerakligini ta’kidlagan.

"Sun’iy intellekt" -- bu nafaqat Rossiya, balki insoniyatning kelajagi. U bugun kuzatilayotgan tahdidlarning yagona yechimi. Bu sohada liderlik qilgan davlat istiqbolda jahonni ham boshqaradi", deydi u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya "sun’iy aql" texnologiyasida yetakchilik qiladigan bo‘lsa, uni bugun atom texnologiyasi kabi boshqalar bilan albatta baham ko‘radi. "Ammo, o‘zimiz o‘shanda kimgadir qarab qolmasligimiz uchun bu innovatsiyani bugundanoq rivojlantirish choralarini ko‘rishimiz kerak", deb fikrini tamomladi Rossiya rahbari.

Aytish joizki, ayni paytda "sun’iy idrok" borasida AQSh kompaniyalari jahonda yetakchilik qilmoqda. Jumladan, Google sun’iy idrok yaratish yo‘lidagi tadqiqotlarini kengaytirmoqda. Bunga misol sifatida "aqlli mashina" yaratish yuzasidan loyihalarni aytish mumkin. Shuningdek, Amazon, Nuance, Microsoft, Facebook, Apple, IBM birinchilardan bo‘lib sun’iy intellekt yaratishga kirishgan ulkan kompaniyalardandir.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!