Qiziq savol: dasturchilarning "shoxi" bormi?

Qiziq savol: dasturchilarning

Kecha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining yangi rezidentlariga sertifikatlar topshirilgani haqida ma’lumot berildi (https://goo.gl/egDEya)

Unga ko‘ra, 53 ta yuridik shaxslar Innovatsion markazning rezidentiligiga qabul qilindi va jami rezidentlar soni 81 taga yetdi.

“Markazning rezidenti bo‘lish ularga nima beradi o‘zi?” degan savol meni o‘ylantirdi va uning javobini bilgach, imtiyozlar haqida eshitgach hayron qoldim.

Qarang, Innovatsion markazning rezidentlariga 2028 yil 1 yanvargacha quyidagi imtiyozlar berilarkan:

• barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan;
• O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
• o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod etiladi;
• belgilangan tartibda xodimlarga ish haqi to‘lash bo‘yicha xorijiy valyutada hisob-kitoblarni amalga oshirish huquqi;
• eksport kontraktisiz butunjahon Internet axborot tarmog‘idagi onlayn magazinlar orqali xorijiy valyutaga ishlar va xizmatlar eksportini amalga oshiradilar.

Yuqoridagi imtiyozlardan tashqari, rezidentlarning o‘ziga emas, ularning xodimlariga ham imtiyoz bor:
• daromad solig‘i 7,5% etib belgilandi (aslida 23% gacha);
• pensiya jamg‘armasiga 4,5 foizli stavka bo‘yicha sug‘urta badallari ushlanadi (aslida 8%).

Qiziqqanimdan faqat xodimlariga beriladigan imtiyozni xomaki variantda hisoblab ko‘rdim.

Tasavvur qilaylik, O‘zbekistondagi birorta IT-firmasi o‘z xodimiga 3 mln. so‘m oylik bermoqchi. Endi xarajatlarni xomcho‘t qilib ko‘ramiz:

Ish beruvchidan ketadigan xarajat:

3 mln. xodimga + 15% yagona ijtimoiy to‘lovga (450 ming).
Demak, xodimiga 3 mln. oylik yozmoqchi bo‘lgan rahbar jami 3 mln. 450 ming so‘m xarajat qiladi.

Endi shu 3 mln. so‘m doirasida xodimdan ketadigan xarajatlar:

23% daromad solig‘i – 690 ming;
8% pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali – 240 ming;
1% jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasiga – 30 ming.

Demak, xodim jami 960 ming so‘m xarajat qiladi va qo‘liga 2 mln. 40 ming so‘m oladi.

Ish beruvchi va xodimning 3 mln. 450 ming so‘mdan qilgan jami xarajati 1 mln. 410 ming so‘m bo‘ladi.

Endi o‘sha IT-firmani Mirzo Ulug‘bek Innovatsion markazi rezidenti deb tasavvur qilamiz. Xo‘sh, bunda xarajatlar qancha bo‘ladi?

- ish beruvchi hech qanday soliq va majburiy to‘lov to‘lamaydi;
- xodim 7,5% daromad solig‘i (225 ming), 4,5% pensiya sug‘urta badali (135 ming) va 1% jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovi (30 ming) — JAMI 390 ming so‘m xarajat qiladi.

Shunda ish beruvchidan ketadigan 3 mln. 450 ming so‘mlik xarajat xodimning qo‘liga 3 mln. 60 ming so‘m bo‘lib tegadi!!!

Tasavvur qilyapsizmi, ish beruvchi 1 so‘m ham xarajat qilmay 1 mln.dan ko‘proqqa xodimning oyligini oshiryapti. Xodimning oyligi naq 50% ga oshadi!

Hali bu faqat xodimning oyligidagi imtiyozlar, korxonalarning o‘ziga berilganlarni hisoblab o‘tirmadim.

Ushbu imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi PF-5099-sonli farmoni bilan berilgandi, lekin o‘sha paytda bunga e’tibor bermagan ekanman.

Bularni ko‘rib men ham IT sohasida biznes qilgim kelib ketdi :)

Shu sohada faoliyat yuritayotganlar bo‘lsa, Innovatsion markazga a’zo bo‘lishni taklif etaman. Bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarmang.

Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin, nima uchun axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotganlarga buncha imtiyozlar berilmoqda? Boshqa sohalarchi? Albatta qolgan sohalarni rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Ammo bugungi zamonaviy olamda axborot texnologiyalari sohasi barcha sohalardan bir necha barobar tez va shiddat bilan rivojlanayotgani, davlatning iqtisodiy o‘sishida ularning o‘rni beqiyosligini hisobga olganda, bu o‘z vaqtida qabul qilingan qaror deyish mumkin.

Zero bugun kapitalizatsiya ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning eng yirik 10 ta kompaniyasining 5 tasi IT-kompaniyalari (Apple, Google, Microsoft, Amazon, Facebook) ekanligi ham so‘zimizning isboti. Ortiqcha izoh shartmas.

Xushnudbek Xudayberdiyev

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!