Samsung Galaxy J7 (2017): asil aynimas ekan-da!

Samsung Galaxy J7 (2017): asil aynimas ekan-da!

Samsung, nihoyat bu yil smartfon turkumlariga tartib berganday bo‘ldi: Samsung Galaxy S8 va Galaxy S8+ (Mini talqin ham kutilmoqda) flagman model, o‘z turkumida yagona bo‘lgan va yilda bir marta taqdim qilinadigan S Pen qalamchali Note fableti, "o‘rta" turkumga tegishli Galaxy A va eng kamtar va sipo bo‘lmish "J" turkumi. "A" hamda "J" turkumlari har yili uch talqinda "3", "5" va "7" indekslarida taqdim qilinadi. Hozircha bu yil "J" turkumida 2 model taqdim qilingan: "5" va "7". Buguncha Samsung Galaxy J7 (2017) to‘g‘risida batafsil ma’lumot beramiz. Ko‘raylik-chi, uning qo‘lidan nimalar kelar ekan.

Tanishuv

Samsung Galaxy J7 (2017) —  5.5 dyuymli FullHD sig‘imli, SuperAMOLED-displeyli, 8 yadroli Samsung Exynos protsessoriga ega, 3 GB operativ xotira, 2 ta SIM-kartali, MicroSD qo‘shimcha xotira kartasini o‘qiydigan, 13 megapikselli bosh kamera bilan ta’minlangan Android-smartfon.

U nimasi bilan qiziq?

2016 yil bilan taqqoslaganda, bu yilgi model tubdan o‘zgargan: metall ramka va plastik orqa panel o‘rnini endi to‘liq metall korpus egallagan, smartfon korpusining shakli ham boshqacha. Smartfon ayni paytda qora, tilla rang, ko‘k rangli korpuslarda sotilmoqda. Samsung Galaxy J7 (2017) samaradorligi uchun 14 nanometrli texnik jarayonda ishlaydigan, chastota tezligi 1.6 GGs bo‘lgan 8 yadroli Exynos 7870 protsessori, 3 GB tezkor xotira mas’ul.

Korpus IP54 standarti bo‘yicha himoya tizimiga ega: chang va tomchi uning uchun qo‘rqinchli emas. To‘g‘ri, kichik, biroq yoqimli yangilik. Qolaversa, flagmanlarga xos funksiya -- Always On Display, ya’ni muntazam faol displey texnologiyasi smartfon nufuzini yanada oshiradi. Smartfon Android Nougat'ning o‘zlashtirilgan talqinida ishlaydi. Tez orada yangi talqindagi tizimni ham yuklab olish mumkin. Barmoq izi skaneri, 2 ta sim-karta uchun alohida, shuningdek 256 gigabaytgacha bo‘lgan qo‘shimcha xotira uchun alohida bo‘lmachalarning mavjudligi foydalanuvchini xursand qiladi. Bularning barini quvvat bilan tok sig‘imi 3600 mA soat bo‘lgan akkumulyator ta’minlaydi.

Samsung Galaxy J7 (2017)'ning ko‘rinishi qanday?

Old panel Samsung'ga xos an’anaviy "istaraga" ega bo‘lgan. Korpus yonlari 2.5D himoya shishasi bilan qoplangani evaziga qayrilma ko‘rinishga keltirilgan. Ekran old panelning taxminan 73.1% qismini egallab olgan. Uning yonlari o‘ta yupqa hoshiya bilan o‘ralgan. Ekran quyisidagi datchiklar standart: 2 ta sensor tugmalar va mexanik  "Home" tugmasi. Bu tugmada barmoq izi skaneri tatbiq qilingan.

Ekran yuqorisida datchiklar, jumladan yorug‘lik, fotochaqnoqli old kamera, suhbat dinamigi joylashgan. Svetodiodli indikator bu gal mavjud emas.  Always On Display borligi uchun bu qo‘rqinchli xabar emas.

Korpus shakli ham yassi-qayrilma ko‘rinishda. Korpus quyisida 3.5-mm.li an’anaviy audio-quloqchin porti, mikrofon tuynugi, 2 juft plastik uloq, MicroUSB porti mavjud.

Old paneldagi mexanik tugma metalldan nafis qilib ishlangan. Samsung'ning boshqa devayslarida bo‘lgani kabi, bu sensorning ishlashi tez, aniq va bosilishi ham yumshoq.

O‘chirib-yoqish tugmasi korpusning o‘ng yonida joylashgan. Uning bir oz yuqorisida esa yagona tashqi dinamik mavjud. Uning eng qulay manzilda joylashganiga shubha yo‘q. 

Yuqori, tom qismida bir juft plastik uloqdan boshqa hech narsa yo‘q.

Korpusning chap tomonida 2 ta alohida tugmalar bo‘lib, ular yordamida ovozni boshqarish mumkin. Ularning yonida esa yana 2 ta bo‘lmachalar ham bor.

Bo‘lmachalarning birinchi qismiga 1 ta nanoSIM karta va qo‘ishmcha xotira kartasini, ikkinchisiga esa 2-sim kartani qo‘yish mumkin. Buni juda puxta texnik yechim deyishmumkin. Aks holda, 16/32 GB doimiy xotira foydalanuvchi uchun kamlik qiladi.

Orqa panel to‘liq metalldan ishlangan. Uning yuqori va quyi qismida antenna uchun simmetrik plastik uloqlar mavjud. Ular noan’anaviy ko‘rinishda, ya’ni yoysimon ko‘rinishda ishlangan. Va, ko‘rinishi yomon emas.

Korpus markazidan Samsung logotipi, yuqoriroqda — bosh kamera moduli, uning fotochaqnog‘i o‘rin olgan. Avvalgi yilgi modeldan farqli ravishda, kamera moduli korpus ichida joylashgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Samsung Galaxy J7 (2017)'ning ko‘rinishi salobatli, ko‘rkam. Korpus va tarkibiy qismlar sifatli xomashyodan tayyorlangan. Shuningdek, uning qolipi ham qo‘lda tutishga mos qilib ishlangan. "J" turkumidan eng arzon modelllar o‘rin olgan bo‘lsa ham, Galaxy J7 (2017) ko‘rinishidan qimmat gadjetlarni eslatadi.

Ekran sifati qanday?

Smartfonda 5.5 dyuymli, SuperAMOLED matritsali, 1920×1080 piksel sig‘imli (har dyuymda 401 ppi) ekran o‘rnatilgan. Uning himoyasi uchun ustidan qayrilma yonli 2.5D shishasi tortilgan. Shuningdek, ekran barmoq izlari va dog‘-dug‘ni olmasligi uchun ham uning yuzasiga maxsus plenka tortilgan. Ekrandagi yorug‘lik zahirasi undan yozning yorqin kunlarida ochiq havoda ham bemalol foydalanish imkonini beradi. SuperAMOLED matritsaga xos bo‘lganidek, rang-tasvir uzatilishi va aks etishi g‘oyatda yoqimli.

Tizimda ekranni sozlash, shrift o‘lchamlarini moslashtirish hamda ko‘k tus miqdorini kamaytirish imkoniyatlari taqdim qilinadi.

Ekrandagi Always On Display funksiyasi foydali ma’lumotlarni, jumladan vaqt, sana, quvvat miqdori, ogohlantirishlarni ko‘rsatib turadi. Displeyda 4 ta rejim bo‘lib, ular yordamida rang gammasini moslashtirish mumkin.

Protsessor qanchalar kuchli?

Samsung Galaxy J7 (2017)'ning "yurakchasi" 2016 yildagi J7 bilan solishtirib ko‘rganda, u qadar o‘zgarmagan: 8 yadroli Exynos 7870 protsessori 1.6 GGs chastota tezligida ishlaydi va 14-nm FinFET me’yorlari asosida faoliyat ko‘rsatadi. Tezkor xotirada ijobiy yangilik bo‘lgan: sig‘imi 2 dan 3 gigabaytga kattalashgan. Protsessor ishlashiga ko‘ra hamyonbop turkumga xos. Biroq, ilova va interfeysning ishlashi barqaror. Unda o‘yinlarni ham muammosiz, qiynalmasdan o‘ynash mumkin.

 

Nisbatan qimmat modellardan yangi "J" turkumi Game Tools utilitini ham olgan. Bu vosita barcha o‘yinlarni bir yerga jam qiladi, ulardan skrinshot, o‘yin jarayonidan video olib beradi. Shuningdek, bu vosita o‘yin vaqtida sensor tugma va ogohlantirishlarni o‘chirib qo‘yadi.

Hozircha devaysning 16 va 32 GB sig‘imli doimiy xotira talqinlari mavjud. MicroSD bo‘lmachasiga 256 gigabaytgacha bo‘lgan fleshkani o‘rnatish mumkin.

Samsung'ning bu smartfoni Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac 2,4 GGs va 5 GGs, Bluetooth 4.1 LE, NFC, ANT+ (sport gadjetlariga ulash uchun) kabi simsiz interfeyslarda ishlaydi. GPS, Glonass, Beidou navigatsiya tizimlarida ham undan foydalanish mumkin.

Kuch-quvvat

Samsung Galaxy J7 (2017) quvvati uchun 3600 mA soat sig‘imli akkumulyator javobgar.  AMOLED-ekran va energo-tejamkor protsessor evaziga smartfon to‘liq quvvat bilan yetarlicha ishlaydi. Aniqrog‘i, o‘yinlarni faol o‘ynaganda, onlayn-video o‘ynaganda va boshqa quvvat talab qiladigan "og‘ir" vazifalar buyurilsa, smartfon kamida 1 sutka turib beradi.

Odatiy rejimda, ya’ni Wi-Fi, 3G tarmog‘iga doimiy ulanganda, ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarga kirib-chiqqanda, pochta, messenjerlardan foydalanib, kuniga 20 minut suhbatlashganda, 1 soat veb-serfing/onlayn-video jarayonida to‘liq quvvatli smartfondan 2 kun foydalanish mumkin. Birgina kamchiligi — tezkor quvvatlashning yo‘qligi.

Interfeys imkoniyatlari qanday?

Smartfon hozircha Android 7.0 Nougat'ning Samsung tomonidan o‘zlashtirilgan Experience 8.1 talqinida ishlaydi. Uni 2018 yilning boshida yanada ilg‘or Android 8.0 Oreo'ga yangilash mumkin bo‘ladi.

Bu tizimda u yoki bu ilovadani ochmasdan turib, undagi bildirishnomalarni o‘qish uchun o‘sha ilova yorlig‘iga barmoqni bosib turishning o‘zi kifoya qiladi.

Agarda video ijro etilayotgan payti smartfonda biror boshqa amalni bajarishga to‘g‘ri kelib qolsa, tomosha qilishni to‘xtatishga hojat bo‘lmaydi. Picture-in-Picture (rasm ichida rasm) funksiyasidan foydalangan holda video ilovasining o‘lchamini kichraytirib, ekran burchagiga joylab qo‘yaverasiz.

 

Kamera qanday suratga oladi?

Smartfonda 2 ta, har biri 13 megapikselli bosh va old kameralar o‘rnatilgan. Ularning har ikkalasi fotochaqnoq bilan ta’minlangan. Ular FullHD aniqligidagi video tasvirga oladilar. Bosh kamerada yorug‘lik taqsimotiga mas’ul diafragma f/1.7, old modulda — f/1.9. Ya’ni, yomon emas.

Avtofokus faqat bosh kamerada mavjud. Kamera interfeysi an’anaviy ko‘rinishda. Yorug‘lik yaxshi bo‘lsa, har ikkala kamera yaxshi suratga oladi. Harqalay, hamyonbop xitoylik smartfonlarga qaraganda yaxshiroq.

Quyidagi suratlarga qarab, kamera imkoniyatiga o‘zingiz baho bering.

Xulosa

Samsung bu gal "J" turkumini bozordagi raqobatdan kelib chiqib ishlab chiqargan. Natijada, Galaxy J7 (2017)'dek salobatli va sifatli ko‘rinishdagi asil smartfon paydo bo‘lgan. Smartfon chipi, ekrani, yig‘ilishi, dizayni taassurotli. Always On Display funksiyasi -- haqiqiy bonus! Barmoq izi skanerining ishlashi tezkor, 2 diapazonli Wi-Fi, NFC, 2 SIM karta va MicroSD xotira uchun alohida bo‘lmachalar, yetarli quvvat sig‘imi -- barchasi ko‘ngildagidek.

Samsung Galaxy J7 (2017)'ni xarid qilish uchun 6 sabab:

Sifatli yig‘ilgan korpus va yoqimli dizayn;

Always On Display funksiyasiga ega sifatli ekran;

Uzoqqa yetadigan akkumulyator;

O‘z raqiblari orasida yaxshi kameraga egaligi;

2 SIM karta va MicroSD uchun alohida bo‘lmachalar mavjud;

Barcha zamonaviy simsiz modullar mavjud.

Samsung Galaxy J7 (2017)'ni xarid qilmaslik uchun 2 sabab:

Samaradorlik u qadar yuqori emas;

Raqiblari bilan solishtirganda, qimmat narxi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 426 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!