Samsung Galaxy S9 «sun’iy idrok»li protsessorga ega bo‘ladi

  •   DiMaX
  •  1928
  •  24.10.2017 11:31

Samsung Galaxy S9 «sun’iy idrok»li protsessorga ega bo‘ladi

Yaqinda ma’lum bo‘lishicha, Samsung o‘zining navbatdagi flagmanlari uchun Snapdragon 845 protsessorini yangi alohida blok bilan boyitadi. Bu blok mashinaviy ta’lim hamda sun’iy idrok bilan bog‘liq vazifalarning bajarilishi uchun mas’uldir, deb yozadi PhoneArena.

Xabaringiz borki, avvalroq Samsung kompaniyasi «raqiblarining orqasiga pichoq urib», Snapdragon 845 protsessorlarini butunlay sotib olgandi. Koreyalik gigant bu chiplar faqatgina Galaxy S9 modelida bo‘lishini (loaqal ma’lum bir muddatga) istagani uchun shunday yo‘l tutgan.

Avvaliga barcha bu qadamni monopoliyaning bir ko‘rinishi sifatida qabul qildi. Lekin sal vaqt o‘tib ma’lum bo‘ldiki, Samsung xitoyliklarning DeePhi Tech startapiga sarmoya kiritishgan ekan. Bu startap «sun’iy idrok» sohasidagi ishlanmalar bilan shug‘ullanishini hisobga olsak, masala oydinlashadi.

DeePhi Tech startapidagilar neyron tarmoqlarining ishi uchun mas’ul bo‘lgan mikrosxemalarni siqishning betakror arxitekturasi va texnologiyasini yaratishgan. Tarqalayotgan xabarlarga qaraganda, aynan mana shu ishlanmalar natijalarini Samsung o‘zining yangi chipsetlarida qo‘llamoqchi.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Galaxy S9 smartfonining protsessori ham, xuddi Kirin 970 hamda A11 Bionic singari, «sun’iy ong»ga ega bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashlaricha, bu texnologiya sharofati bilan smartfonlar xuddi insonlardek o‘rgana oladigan, o‘ylaydigan va ko‘radigan bo‘ladi.

Samsung yana, aftidan, hozirda eng ilg‘orlaridan bo‘lgan Huawei va Apple smartfonlarining eng a’lo jihatlarini yaxshilagan holda Galaxy S9 smartfoniga tatbiq etsa kerak. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib turish uchun bizdan uzoqlashmang.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!