Samsung internetga kira olmaydigan Galaxy J2 Pro smartfonini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  3058
  •  14.04.2018 17:20

Samsung internetga kira olmaydigan Galaxy J2 Pro smartfonini taqdim etdi

Farzandingiz uchun smartfon tanlayotib, u orqali nobop saytlarga kirishi, yoki bilar-bilmas internetdan biror narsalarni ko‘chirib olishi, shu tufayli hisobidagi mablag‘lar tez tugab ketishi mumkinligidan xavotirlanganmisiz? Siz kabi mijozlarini o‘ylab, janubiy koreyalik texnogigant internetga umuman kira olmaydigan smartfon taqdim etdi.

Samsung’ning kuni kecha namoyish etilgan ushbu smartfoni Galaxy J2 Pro (2018) deb nomlanadi. Bu qurilma Wi-Fi moduliga ega emas, shuningdek, unda uyali tarmoq orqali ma’lumot almashish (ya’ni, SIM-karta orqali internetga kirish) imkoni ham yo‘q. Biroq bularning yo‘qligi smartfonning kamchiligi emas, balki aynan ijobiyligi, o‘ziga xosligi sifatida talqin etilayotir.

O‘QING: Maps.Me xaritalariga internetsiz ishlovchi tayyor yo‘nalishlar kiritildi

Galaxy J2 Pro (2018) birinchi navbatda keksalarga mo‘ljallangan: ular baribir internetdan foydalanishmaydi, telefonga turli ilovalarni o‘rnatib olishmaydi. Shuningdek, bilib-bilmay smartfonning biror pulli funksiyasini yoqib qo‘yishdan cho‘chib turishadi. Shunday otaxonu onaxonlar Samsung’ning ushbu yangi telefonini bemalol ishlatishlari mumkin.

Shuningdek, o‘quvchi va talabalarga ham Galaxy J2 Pro (2018) juda qo‘l keladi. Bunaqa smartfon bilan ular dars qilish o‘rniga saytlarda kezib, ijtimoiy tarmoq yoki messenjerlarda gap sotib o‘tira olishmaydi.

Internetsiz smartfonning texnik xususiyatlari boshlang‘ich darajada. Unga diagonali 5 dyuymlik AMOLED-ekran va 4 yadroli Snapdragon 425 protsessori o‘rnatilgan. Tezkor xotirasi 1,5 gigabayt, doimiy xotirasi 16 gigabayt hajmga ega, yana microSD formatidagi xotira kartasi uchun bo‘lmacha ham bor.

Galaxy J2 Pro (2018) asosiy kamerasi 8, selfi-kamerasi esa 5 megapikselli. Akkumulyator sig‘imi 2600 mA/soatga teng. Bu qurilma ovozli qo‘ng‘iroqlar va SMS-xabarlarni qo‘llab-quvvatlaydi, yana o‘ziga o‘rnatilgan ilovalar bilan ishlay oladi (ular orasida lug‘at ham bor). Qo‘shimcha ilovalarni smartfonga xotira kartasi orqali o‘rnatish mumkin.

O‘QING: Internetsiz ishlaydigan mobil lug‘at

Internetsiz smartfon to‘rt xil – qora, ko‘k, pushti va tillarang tusli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda. Galaxy J2 Pro (2018) Janubiy Koreyada 13 apreldan 199 000 von (taxminan 185 AQSh dollari) narxida sotuvga qo‘yilgan. Uning boshqa mamlakatlarga ham yetkazib berilishi xususida hozircha ma’lumot yo‘q.

Ammo Samsung’ning boshqa ko‘plab modellardagi smartfonlari o‘zimizda ham katta talab bilan sotilmoqda.

O‘QING: Butun O‘zbekiston bo‘yicha yetkazib beriladigan Galaxy S9+ va boshqa Samsung smartfonlari narxlari (2018 yil 2 aprel)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.