Samsung jahondagi eng yengil noutbuklardan birini sotuvga chiqaradi
Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi 13,3 dyuymli ekran bilan jihozlangan og‘irligi 800 gramm bo‘lgan Samsung Notebook 9 modelini tez orada sotuvga chiqarishni rejalashtirgan, deb yozmoqda 4PDA sayti.
Noutbukning displeyi 180 gradusga aylanadi, bu esa taqdimot yoki foto-sessiyalarni ko‘rsatish jarayonida qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Qurilmada Micro Arc Oxidation (MAO) texnologiyasi qo‘llanilgani tufayli u turli tashqi ta’sirlarga chidamli. Yettinchi avloddagi Intel Core i5 yoki i7 protsessorlarida ishlaydi, 80 daqiqa mobaynida gadjet batareyasini 100% quvvatlash imkoniyati mavjud.
USB Type-C porti orqali esa noutbukni smartfon adapteri yordamida zaryadlash mumkin. Samsung Notebook 9 barmoq izi skaneri bilan himoyalanadi, ekran yuqori yorqinlik darajasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, noutbukdan tashqi sharoitlarda foydalanganda displey yorqinligini oshiradigan Outdoor Mode rejimi ham ko‘zda tutilgan.
Qurilma yanvar oyida o‘tkaziladigan CES 2017 ko‘rgazmasida namoyish etilishi kutilmoqda. Narxi haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.