Tahlil: Grand Theft Auto V tarixdagi eng muvaffaqiyatli ko‘ngilochar loyihaga aylandi

Tahlil: Grand Theft Auto V tarixdagi eng muvaffaqiyatli ko‘ngilochar loyihaga aylandi

Tahlillar bo‘yicha faoliyat yurituvchi MarketWatch kompaniyasi taqdim qilgan hisobotga ko‘ra, Rockstar kompaniyasi mahsuloti bo‘lmish Grand Theft Auto V (GTA V) butun insoniyat tarixidagi eng muvaffaqiyatli ko‘ngilochar loyihaga aylangan. Hisob-kitoblar natijasida aniqlanishicha, Grand Theft Auto V video o‘yinini sotishdan tushgan daromad, shu vaqtga qadar umumiy miqdorda, $6 milliardni tashkil qilgan. O‘z navbatida video o‘yinni ishlab chiqarish uchun atigi $265 million sarflangan, xolos. O‘yinning sotilishi hali ham yuqori sur’atlarda davom etmoqda.

MarketWatch «Yulduzlar jangi» va «Shamollarda olib ketilganlar» kabi o‘ta mashhur badiiy filmlar $3 milliard daromad keltirib, ko‘ngilochar loyihalar muvaffaqiyatliligi bo‘yicha keyingi o‘rinlarni egallaganini qayd etmoqda. Biroq kuzatuvchilar disklar savdosi va turli xizmatlar orqali namoyish qilishni ham qo‘shib hisoblaganda, bu filmlardan keladigan daromad yana $1 milliardga ortadi, demoqda. Shunda ham eng mashhur filmlarning daromadi Grand Theft Auto V'nikiga yeta olmaydi.

Hisobotda $6 milliard faqat o‘yinning sotilishidan kelgan daromadmi yoki bu raqamga foydalanuvchilar tomonidan amalga oshirilgan qo‘shimcha xaridlar ham kiradimi, degan savolga aniqlik kiritilmagan. Bunday qo‘shimcha xaridlar salmoqli mablag‘ni tashkil qilishi aytilmoqda. 2017 yil 31 dekabri ma’lumotlari bo‘yicha, Grand Theft Auto V video o‘yini 90 million nusxadan oshiq sotilgan. So‘nggi uch oy ichida bu raqam yanada ortganini osongina taxmin qilish mumkin.

Mashhurlik va muvaffaqiyatlilik bo‘yicha Grand Theft Auto V'ga Call of Duty: Modern Warfare 3 (26,5 million nusxa) va Call of Duty: Black Ops (24,2 million nusxa) video o‘yinlari yaqinroq turibdi.

Shuningdek, hisobotda qayd etilishicha, ushbu video o‘yinni yetkazib beruvchisi hisoblanadigan Take-Two Interactive kompaniyasining aksiyalari qiymati, o‘yin e’lon qilingandan buyon, 998 foizga oshib ketgan.

O‘rganilgan ma’lumotlar Grand Theft Auto V'ning Playstation 3 uchun mo‘ljallangan talqini eng ko‘p sotilganini ko‘rsatmoqda - 32,8 foiz. Keyingi o‘rinda Playstation 4 talqini bormoqda - 27,4 foiz. Video o‘yinning shaxsiy komyuterlar uchun mo‘ljallangan talqini umumiy savdolarning atigi 2,1 foizini tashkil qilgan.

Ayni paytda Grand Theft Auto V 2017 yil AQShda mashhur bo‘lgan video o‘yinlar reytingining oltinchi o‘rnidan joy olgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!