Taqdim etilmagan «qo‘shko‘z» Xiaomi Redmi Note 5 suratlari tarqaldi

  •   DiMaX
  •  1968
  •  29.09.2017 17:35

Taqdim etilmagan «qo‘shko‘z» Xiaomi Redmi Note 5 suratlari tarqaldi

Internetda Xiaomi kompaniyasining hali rasman namoyish etilmagan Redmi Note 5 smartfoni renderlari paydo bo‘ldi. Ularni hamda mazkur qurilma haqidagi ayrim ma’lumotlarni 91mobiles resursi e’lon qilgan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, renderlar internetda tarqalgan ma’lumotlar asosida professionallar tomonidan tayyorlangan. Kutilganidek, Xiaomi Redmi Note 5 metall korpusli bo‘lib, orqa panelida barmoq izi skaneri joylashgan.

Gadjetga diagonali 5,5 dyuymga teng bo‘lgan, Full HD sifatli (1920 x 1080 pikselli) displey o‘rnatilgan. Ekran romlari avvalgi «ajdod»larining romlariga qaraganda sal yupqaroq. Unda infraqizil port hamda tepa qismida 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi saqlanib qolgan. Korpusning ost qismida esa USB Type-C porti ham o‘rnatilgan. Asosiy kamera biri 16, biri 5 megapikselli ikkita ob’yektivni o‘z ichiga oladi. Selfi uchun bo‘lsa 12 megapikselli kamera ajratilgan.

Xiaomi Redmi Note 5 modeliga Qualcomm Snapdragon 660 yoki MediaTek Helio P25 protsessori o‘rnatiladi. Uning tezkor xotirasi 3 yoki 4, doimiy xotirasi esa 32 yoxud 64 gigabaytlik hajmga ega bo‘ladi. Qurilmaning akkumulyatori 4000 mA/soat sig‘imga ega.

Devays simsiz aloqaning VoLTE, Wi-Fi, NFC hamda GPS interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi. U Xiaomi ishlanmasi bo‘lmish MIUI 9 qobig‘i ostidagi Android 7.1 Nougat operatsion tizim talqinida ishlaydi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.