Taqdimot: Android 8.0 Oreo va 3D kameraga ega ilk smartfonni qarshi oling

Taqdimot: Android 8.0 Oreo va 3D kameraga ega ilk smartfonni qarshi oling

Shu kunlarda Berlinda jahonning nufuzli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘rgazmalaridan biri bo‘lgan IFA 2017 anjumani davom etmoqda. Uning doirasida Yaponiyaning Sony kompaniyasi Sony Xperia XZ1 flagman telefonini taqdim qildi. 

Telefonning bosh jihatlari qatorida "Motion Eye" texnologiyasiga ega 3D kamerani va gadjetning Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlashini aytish mumkin.

Quyida 3D kameraning ishlashini tomosha qiling.

3D kamera uchun ishlaydigan 3D Creator ilovasi yordamida Sony Xperia XZ1 ob’yektning 3 o‘lchamdagi tasvirini oladi. Ishlab chiqaruvchining fikricha, kamera qiyofa, bosh yoki boshqa predmetlarning sifatli va tezkor 3D modelini yaratadi. Ulardan avatar sifatida foydalanish yoki 3D printerda chop etish mumkin. Bosh kameraga 19 Mp, old kameraga 13 Mp sig‘imli sensorlar o‘rnatilgan.

Motion Eye kamerasi Sony Xperia XZ Premium'dagi sensor bilan bir xil: 19 megapikselli. BSI-CMOS sensor moduli to‘g‘ridan-to‘g‘ri smartfon matritsasiga o‘rnatilgan va aynan shu model sekundiga 960 kadrli HD-video suratga oladi.

Sony Xperia XZ1 smartfoni 5,2 dyuymli, HDR 10 texnologiyasi bilan ta’minlangan va  Gorilla Glass 5 himoya shishasi qoplangan Full HD (1920x1080 pikselli) ekranga ega bo‘lgan. Shuningdek, 8 yadroli va chastota tezligi 2,45 GGs bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 835 protsessori uning yana bir kuchli jihati.

Smartfonga xos yana bir ajoyib va o‘ziga xos jihat -- uning LTE  tarmog‘ida 1 Gbit/s. tezligida ma’lumot almashishi.

Sony Xperia XZ1 devaysining tezkor xotirasi 4 GB, doimiy xotirasi -- 64 GB, microSD bo‘lmachasi 256 gigabaytgacha bo‘lgan fleshkani qo‘llab-quvvatlaydi. Batareya sig‘imi 2700 mA soat, shuningdek tezkor quvvatlanish funksiyasi ham mavjud.

Sony Xperia XZ1 Wi-Fi 802.11ac, NFC va Bluetooth 5.0 LE aloqa modullariga, shuningdek IP65/68 standarti bo‘yicha himoyalangan korpusga ega bo‘lgan.

Sony Xperia XZ1 mobil aloqa vositasining yana bir qiziqarli jihati sifatida, uning qadoqdayoq yap-yangi Android 8.0 Oreo operatsion tizimiga ega bo‘lgan jahondagi ilk gadjet ekanini aytish mumkin.

Namoyishda qayd etilishicha, yil avvalida taqdim etilgan Xperia XZ Premium devaysi Snapdragon 835 chipsetida ishlaydigan jahondagi birinchi smartfon bo‘lsa ham, iyundan sotuvga chiqarilgan va bir oz kechikkan edi. Yaponiyalik kompaniya bu smartfonini tez orada sotuvga chiqarishni reja qilgan.

Sony Xperia XZ1 qora (Black), kumush (Warm Silver), ko‘k (Moonlit Blue) va pushti (Venus Pink) rang korpuslarda ishlab chiqariladi. Sony Xperia XZ1 flagmani oktyabrdan 770 AQSh dollaridan, kichik talqini 640 dollardan sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!