Telegram'dagi harakati tufayli ilk inson qamoqqa olindi

Telegram'dagi harakati tufayli ilk inson qamoqqa olindi

Kecha, 4 aprel kuni Rossiya hududida Telegram messenjeri blokirovka qilinishi kerak edi. Roskomnadzor tashkiloti kompaniyaga zarur ma’lumotlarni taqdim qilishi uchun 15 kun muhlat bergan. Bugun esa Roskomnadzor sudga messenjerni yopishni so‘rab murojaat qildi.

Telegram ommalashgani sayin u bilan bog‘liq yoki uning yordamida amalga oshirilayotgan qonun buzilish holatlari ham ortib bormoqda. Shuni hisobga olib bir muddat avval Rossiya fuqarolarining ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishlari mumkinligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan edi. Telegram bilan bog‘liq jinoyat esa Rossiya Federatsiyasi sudi amaliyoti tarixida ko‘rilgan ilk ish bo‘ldi.

Primorskiy o‘lkasida istiqomat qiluvchi yurist Dmitriy Tretyakov shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 280-moddasi bilan ayblanmoqda. Unga ko‘ra, Dmitriy Tretyakov internet yordamida, ya’ni Telegram orqali ekstremizm g‘oyalarini tarqatgan.

Rossiya nashrlarida yozilishicha, Dmitriy Tretyakov 2017 yilda jurnalist Arkadiy Babchenkoning Telegram-kanalidagi fikrlarni tarqatganlikda ayblanmoqda. Jinoiy ish ham aynan shuning uchun ochilgan. Ayblanuvchi ayni paytda hibsda ushlab turilibdi.

Uning Telegram tarmog‘ida tarqatgan postlarida zo‘ravonlik, buzg‘unchilik hamda vayronkorlik harakatlari aniqlangan. Ushbu ayblovlar tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, ayblanuvchi besh yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Unda Dmitriy Tretyakov Telegram tufayli qamoqqa tushgan tarixdagi ilk inson bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!