To‘yga to‘yona bilan: yanada qimmatbaho iPhone X sotuvga chiqadi

To‘yga to‘yona bilan: yanada qimmatbaho iPhone X sotuvga chiqadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tavalludi har yili o‘ziga xos tarzda kutib olinadi. Ayniqsa, uning muxlisi bo‘lgan Caviar kompaniyasi an’anaga muvofiq bu yil ham navbatdagi tug‘ilgan kun sharafiga maxsus bezaklarga ega smartfon modelini ishlab chiqaradi.

iPhone X «Putin 2018» deb nomlangan talqindan cheklangan, ya’ni bor-yo‘g‘i 65 dona ishlab chiqarish reja qilingan. Shuningdek, iPhone 8 va 8 plus'ning ham Vladimir Putinga atalgan talqinlari ishlab chiqariladi. Bu smartfonlar 3 noyabrdan jahon miqyosida rasman sotuvga chiqariladi.



Qayta ishlangan iPhone X korpusi to‘q qizil rangda tayyorlanadi. Ya’ni, bu ramziy rang Rossiya Konstitutsiyasi va fuqarolik pasportining jild rangini anglatadi. Shuningdek, smartfon korpusida Rossiya Prezidentining tilladan ishlangan bo‘rtma portreti hamda Moskvaning diqqatga sazovor maskanlari gravyurasi bilan ham bezak berilgan bo‘ladi.

iPhone 8 Plus orqa panelidagi gravyura rekord darajada katta bo‘ladi — 100 kv. sm (10 630,7 kv. mm). Har bir smartfon o‘z raqamiga ega. An’anaga ko‘ra, 1-raqamli smartfon prezidentning o‘ziga beriladi.

2016 yilda Caviar Putin tavalludini titan va Damashq po‘lati uyg‘unligida ishlangan "Putin Damascus" smartfon modeli bilan nishonlagan edi.

Caviar iPhone X «Putin 2018» Costitution Red, iPhone 8 hamda 8 Plus narx-navosi masalasida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Biroq, 2016 yilda tayyorlangan maxsus iPhone 7'ning 3,5 ming AQSh dollaridan sotilganini hisobga olsak, Caviar iPhone X «Putin 2018» modeli kamida 5 ming AQSh dollaridan sotilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, iPhone X Rossiyada 1,3 ming AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.