O‘zbekiston “mobil qullik”ka qarshi Latviya bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston “mobil qullik”ka qarshi Latviya bilan hamkorlik qiladi

20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida «Hansa Telecom» (Latviya) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi. Xususan, «Hansa Telecom» kompaniyasi istiqbolli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida, O‘zbekiston mobil aloqa abonentlari raqamlarini operatorlararo ko‘chirish xizmati — (MNP– mobile number portability)ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni taklif qildi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Mehmonlarning fikricha, ushbu loyiha mobil aloqa operatorlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirib, abonentlarga o‘zlarining raqamlarini saqlab qolgan holda boshqa operator xizmatlariga o‘tish imkonini yaratadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga xayrixohlik bildirib, ushbu loyihani har tomonlama ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Joriy yilning 17 may kuni vazirlik tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham “O‘zbektelekom” AK rahbari Shuhrat Qodirov so‘nggi 3-4 oy davomida bu masala hukumat va mobil aloqa operatorlari bilan muhokama qilinayotgani, huquqiy va texnik asoslari o‘rganilayotganini ma’lum qilgan edi.

Bu loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa, muayyan operator abonenti boshqa mobil operatorning xizmatlaridan foydalanishga qaror qilgan taqdirda, o‘zining mobil telefon raqami yoki sim-kartasini o‘zgartirishiga zarurat qolmaydi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda yurtimizda mobil aloqa abonentlari soni 21,5 millionni tashkil qilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!