Xiaomi Mi Mix 2 eksklyuziv talqinda sotuvga chiqmoqda

Xiaomi Mi Mix 2 eksklyuziv talqinda sotuvga chiqmoqda

Xitoyda Xiaomi Mi Mix 2'ning oq rangli, keramika korpusli talqini bir muddat avval allaqachon bozorga chiqarilgan edi. 28 noyabrda esa ishlab chiqaruvchi ilg‘or flagmanning korpusi chinnidan tayyorlangan qora rangdagi versiyasini ham sotuvga chiqaradi. Xiaomi Mi Mix 2'ning cheklangan miqdordagi mazkur talqini "Stark Edition" deb nomlangan. Ushbu versiya ham har ikkala avlod Mi Mix smartfonlarining muallifi, dizayner Filipp Stark sharafiga shunday nomlangan.

"Stark Edition" talqinida orqa panelga "Starck" yozuvi oltin rangli tusda tushirilgan. Kompaniya keramika korpusli talqindan 3000 dona tayyorlashni reja qilgan. Uning bahosi $758 dollar. Taqqoslash uchun aytamiz, oddiy talqinni kompaniya $712 dollardan sotmoqda. Ya’ni, dizayner nomi tushirilgan va chinni korpusli eksklyuziv talqin $46 dollarga qimmat.

Xiaomi'ning xabar berishicha, smartfon korpusi to‘liq chinnidan tayyorlangan va pishiqligi 1400°S darajali harorat ostida sinovdan o‘tkazilgan.

Jihatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, keramika korpusda 8 Gb "operativka" va 128 Gb doimiy xotiraga guvoh bo‘lish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi Mi Mix 2 devaysi 5,9 dyuymli, FullHD sig‘imli ekranga, kuchli Snapdragon 835 chipseti, sig‘imi 3400 mA soat bo‘lgan va tezkor quvvat oluvchi akkumulyator, 5 megapikselli old, 12 megapikselli bosh kameraga ega bo‘lgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!