Xiaomi'ning "yil trendi"ga mos yangi smartfonlari va narxlari ma’lum bo‘ldi

Xiaomi'ning

18:9 standartidagi ekranga ega bo‘lish — yil trendi bo‘ldi. Avvaliga shu yilning fevralida LG G6, so‘ng Samsung Galaxy S8, iPhone 8 va boshqalar bo‘yining eniga nisbati xuddi shunday ekranlarga ega bo‘lishdi. Bunday ekranlarda, ayniqsa ekranni 2 ga bo‘lib, bir vaqtda bir nechta ilovadan foydalanish qo‘l keladi.

Yaqinda Xitoyda ro‘yxatga olingan Redmi turkumiga mansub yangi hamyonbop smartfonlar ham xuddi shu o‘lchamda, ya’ni to‘liq ekranli bo‘ladi. Uning 3 talqini bozorga chiqariladi: Redmi 5, Redmi 5 Plus hamda Redmi Note 5. Barcha gadjetlarning ekran nisbati 18:9 standartida bo‘lsa ham, ularning displey o‘lchami va texnik imkoniyatlari turlicha bo‘ladi. Keling, quyida ular bilan yaqindan tanishamiz.

Ekran
Redmi 5 modeli 5,5 dyuymli va HD + (1440 x 720) displey bilan ta’minlanadi. Ekran atrofidagi rom o‘ta yupqa bo‘lishi hamda displey 18: 9 nisbatli bo‘lishi hisobga olinsa, bu model "ajdodlari"ga qaraganda. misol uchun, Redmi 4'dan ko‘ra yirik ekranli bo‘ladi. Redmi 5 Plus hamda Redmi Note 5 esa 5,9 dyuymli FullHD + (2160 x 1080) ekranlarga ega bo‘lishadi.

Xotira
Xiaomi Redmi 5 hamda Redmi 5 Plus bir-birlaridan nafaqat displey o‘lchami, balki xotira imkoniyatlari bilan ham ajralib turishadi. Misol uchun, tilla va qora rangli korpusda chiqadigan Ryedmi 5'da 3 gigabaytli tezkor va 32 GB doimiy xotira bo‘ladi. «Plus» modeli esa 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi, tilla, qora hamda kul rangli korpusda ishlab chiqariladi. Redmi Note 5 esa 3/4 GB tezkor va 32/64 GB doimiy xotira bilan ishlab chiqariladi.

Platforma va samaradorlik
Redmi 5 Plus 8 yadroli Helio P25 protsessorida ishlaydi. Redmi Note 5 esa 8 yadroli Snapdragon 636 chipi bo‘ladi. Hududdan kelib chiqib boshqa modeldagi chiplar ham o‘rnatilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Redmi Note 5'da bosh kamera qo‘sh ob’yektivli bo‘ladi. Uning akkumulyator sig‘imi 4000 mA soat bo‘lishi aytilmoqda.

Redmi 5 125 AQSh dollari, Redmi 5 Plus 1099 yuan (165 AQSh dollari), Redmi Note 5 modeli 1599 yuan (240 AQSh dollari)dan sotuvga chiqariladi.

Yuqoridagi ma’lumotlarning barchasiga 11 noyabrda bo‘lib o‘tadigan taqdimot oydinlik kiritadi. Ungacha esa bizni kuzatishda davom eting.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.