Xiaomi Redmi 5: "Malika"dan "beshni oling"!

Xiaomi Redmi 5:

Xiaomi Redmi 5 — Xiaomi kompaniyasining diqqatga sazovor arzon smartfoni bo‘lib, 2017 yilning dekabrida taqdim qilingan. Bu model brendning yirik displeyli smartfonini xush ko‘rganlar uchun ayni muddao. Ekran diagonali 5.7 dyuym bo‘lgan devays hamyonbop turkumga xos narx siyosatining "davomchisi" hisoblanadi. Uning raqiblari orasidan munosibini topish qiyin.

Qadoqni ochamiz ...

Xiaomi kompaniyasining aksariyat smartfonlaridan farqli ravishda, mazkur mobil aloqa qurilmasi qadog‘i elementlarga bir ozgina boy — an’anaviy foydalanish qo‘llanmasi, quvvatlash qurilmasi, microUSB kabeli va to‘g‘nog‘ichdan tashqari, qadoqda smartfon yonlarini va orqa panelni qoplaydigan shaffof tusli silikon g‘ilof ham sovg‘a qilingan. Bu – katta iltifot!

Dizayn va o‘ziga xoslik

Yuqorida qayd etganimizdek,  Xiaomi Redmi 5 smartfoni uchun 5.7 dyuymli keng formatli displey tanlangan. Uning piksel sig‘imi 1440 x 720 belgiga teng, tomonlar nisbati ham zamonaviy standartda — 18:9.

Korpus bo‘ylab tortilgan nafis hoshiya, displey atrofidagi nozik hoshiya, 2,5D effektiga ega shisha, metalldan tayyorlangan orqa panel — 2017 yilning smartfoni uchun standart ko‘rinish hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham, cho‘zilgan va kattalashgan displey evaziga qimmatbaho ko‘rinish kasb etgan.

Smartfon o‘lchami va ko‘rinishi zamonaviy. Bugun aynan mana shu formatdagi smartfonlar trendda.

Xiaomi Redmi 5 displeyining yuqorisida datchiklar jamlanmasi, suhbat dinamigi hamda old kamera moduli o‘rnatilgan.

Smartfon boshqaruvi uchun displeyda sensor panel mavjud.

"Harakatlanish tugmalari" an’anaga ko‘ra, displey ostiga, biroq virtual uslubda joylashtirilgan. Natijada, korpusdagi ancha-muncha hudud foydali axborotlar aks etadigan displeyning bir qismiga aylangan.

Smartfon orqa paneli Xiaomi brendining boshqa devayslariga xos, ayniqsa bir qarashda Xiaomi Redmi Note 4x modelini eslatib yuboradi.

Orqa panelda korpusdan bir oz ko‘tarilib turgan bosh kamera, svetodiodli fotochaqnoq, barmoq izi skaneri va MI logotipi mavjud.

Metall korpus quyisi plastik bilan uyg‘un holda ishlab chiqarilgan. Buning uchun ishlatilgan barcha materiallar sifatli. Aslida Redmi oilasining barcha smartfonlari sifati bilan ajralib turishgan.

Redmi 5 modelining tom qismida audio quloqchinlar uchun port, infra-qizil port va mikrofonga mo‘ljallangan tuynuk mavjud.

Korpus quyisida — ikkinchi mikrofon, dinamik-ovoz kuchaytirgich, microUSB porti mavjud.

Ovozni boshqarish tugmalari smartfonning o‘ng tomonidan o‘rin olgan.

Smartfon korpusining chap tomonidan esa xotira kartasi va sim-kart uchun bo‘lmachalar bor.

Smartfonga bir vaqtning o‘zida 2 sim-karta yoki bitta sim-karta va bitta microSD (256 gigabaytgacha!) xotira o‘rnatish mumkin.

Platforma samaradorligi

Xiaomi Redmi 5 samarador va tezkor ishlashi uchun unga 8 yadroli Snapdragon 450 protsessori o‘rnatilgan. Bu chip nisbatan kuchli Snapdragon  625'ning bir oz kuchsizlangan talqini.

Xiaomi Redmi 5 modeli 2 talqinda ishlab chiqariladi:

2 gigabaytli tezkor va 16 gigabaytli doimiy xotira

3 gigabaytli tezkor va 32 gigabaytli doimiy xotira

Samsung boshlang‘ich narxli smartfonlariga o‘rnatadigan, shuningdek Xiaomi Redmi Note 5A Prime modelida o‘rnatilgan Snapdragon 435 bilan taqqoslaganda, bu smartfondagi protsessor tezkor. Shuning hisobiga smartfon ham 25% samarali ishlaydi.

AnTuTu testida Xiaomi Redmi 5 modeli 55595 ball to‘plagan (Redmi Note 5a Prime'dan 10 000 ball ko‘proq).

Shularga suyanib aytish mumkinki, aksariyat o‘yinlarni bu smartfonda o‘ynash mumkin. Ba’zi bir, ya’ni grafik-tasvirga boy o‘yinlarni qayta ishlashda bu model bir oz qiynalishi mumkin.

Smartfonda biz ko‘p marta tavsiya qiladigan NFC-modul yo‘q. Natijada, do‘kon yoki turli xizmat ko‘rsatish shahobchalarida to‘lovlarni kontaktsiz, ya’ni naqd pul yoki kartochkasiz, smartfon yordamida amalga oshirishni xohladydiganla ruchun bu model to‘g‘ri kelmadi.

Smartfondagi barmoq izi skaneri tezkor va aniq ishlaydi, xuddi bu turkumdagi boshqa smartfonlardagi kabi.

Xiaomi Redmi 5 modeli Android 7.1.2 operatsion tizimining MIUI 9.1. proshivkasi bilan sotuvga chiqarilmoqda. Hozircha xalqaro talqinni bir oz kutishga to‘g‘ri keladi.

Kuch-quvvat manbai

Akkumulyator masalasida ham smartfonda muammo yo‘q, deyish mumkin – devays elektr toki sig‘imi 3300 mA soat bo‘lgan "quvvat toshi" bilan ta’minlangan.

Qadoqdagi quvvatlash qurilmasi (5V2A) yordamida 20 daqiqada smartfon quvvatini 27 foizga, yarim soatda — 39% ga ko‘tarish mumkin. Uni to‘liq quvvatlash uchun esa o‘rtacha 120 minut kerak bo‘ladi. Smartfonda tezkor quvvat olish funksiyasi mavjud emas.

Bu kuch-quvvatning qancha vaqtga yetishi ham muhim, albatta! Ekran yorug‘ligini 50 foizga sozlagan hamda ovoz balandligini 20 foizga sozalagan taqdirda gadjetda 11 soat mobaynida video ko‘rish mumkin. O‘yin ishqibozlari esa akkumulyator batareyasini to‘ldirib 7 soat foydalana oladilar.

Kamera imkoniyatlari

Xiaomi Redmi 5 modeli ega bo‘lgan old kamera 5 megapiksel aniqligidagi suratlar oladi. Bu – Xiaomi ishlab chiqaradigan hamyonbop smartfonlarga xos standart. Ya’ni, yorug‘lik yetarli vaqtda o‘rtacha darajadagi sifatli suratlar oladi. Agar yorug‘lik past bo‘lsa, kamera ham "hayajonlanib" qoladi.

Bosh kamera sig‘imi — 12 MP. Bosh kamera olgan suratlarning sifati ham yorug‘lik darajasiga bog‘liq – yorug‘lik yaxshi bo‘lsa, sifat yuqori; yorug‘lik past sharoitda suratlarda ham detallar yo‘qolib, "shovqin" ko‘payadi.

Xiaomi Redmi 5’dan "ajdodlari"ga qaraganda bir oz sifatli suratlar kutish mumkin.

Xiaomi Redmi 5 smartfoni olgan quyidagi suratlarga baho bering:

Xiaomi Redmi 5 modelining texnik jihatlari haqida qisqacha:

Korpus materiali: metall, plastik, shisha;

Operatsion tizim: Android Nougat, MIUI 9

Aloqa tarmoqlari: 2 ta sim-kartali, GSM (1/3/5/8), CDMA (BCO), WCDMA (1/2/5/8), TD-SCDMA (34/39), TDD-LTE (34/38/39/40/41), FDD-LTE (1/3/5/7/8);

Displey: IPS 5,7'', sig‘imi 1440x720 piksel (HD+), tomonlar nisbati 18:9 standartida, ekranning yorug‘lik miqdori 450 nit, kontrast 1000:1, 72% NTSC;

Protsessor: Qualcomm Snapdragon 450, 8 yadro (Cortex-A53), 1,8 GGs chastota tezligi, 64 bit, 14nm;

Grafik chip: Adreno 506;

Operativ xotira: 2/3 Gb;

Doimiy xotira: 16/32 Gb, microSD mavjud;

Interfeys: Wi-Fi 802.11 b/g/n 2.4 GGs, Bluetooth 4.2, quvvatlash/sinxronizatsiya uchun microUSB, 3.5 mm.li garnitur;

Bosh kamera: 12 Mp (f/2.2), 5 linzali, piksel hajmi -- 1,25 mkm hamda PDAF texnologiyasi;

Old kamera: 5 Mp, fotochaqnoq;

Navigatsiya: GPS, GLONASS, BeiDou;

Qo‘shimcha: Barmoq izlari skaneri;

Batareya: litiy-polimer (Li-Pol), 3300 mA soat sig‘imli;

O‘lchamlari: 151,8 mm x 72,8 mm x 7,7 mm;

Vazni: 157 gramm.

Narx-navosi

Xitoyda Xiaomi Redmi 5'ning eng arzoni (2/16 Gb) uchun $120, 3/32 Gb talqini uchun esa $135 dollar narx belgilangan. Ayni paytda bu model yurtimizda ham sotilmoqda. Jumladan, Redmi 5 modelining eng quyi talqini (2/16 gb) 1,300,000 so‘mdan sotilmoqda.

Xulosa

Xiaomi Redmi 5 hashamga u qadar o‘ch bo‘lmagan, biroq yangi tendensiyalarga ega smartfonni xohlaydigan xaridorlar uchun ayni muddao.

Xiaomi Redmi 5 hadeb suratga tushmaydigan, "top" samaradorlik ortidan chopmaydigan, biroq displeyda tasvir va tomosha ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar uchun.

Xiaomi Redmi 5 -- Xiaomi'ga xos hamyonbop, shu bilan birga zamonaviy "istarali" va chiroyli, narxi va sifatini taqqoslaganda xaridorni shod qiladigan gadjetlarning eng yaxshisi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 039 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 935 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 070 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 035 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.