Xiaomi Redmi 5 Plus: 5, "plyusi bilan"!

Xiaomi Redmi 5 Plus: 5,

"Xitoylik Olma" flagmanlarning ommaga xush keladigan jihatlarini o‘rganib, bunday xususiyatlarni oddiy modellarga ham joriy qilishga intilmoqda. 

Narx-navosi barcha uchun qulay mobil aloqa qurilmalari orasida xaridorni hayratda qoldiradigan va pul sarflashga majbur qiladigan modelni yaratish -- oson ish emas. Biroq, bu ishni hadisini olgan Xiaomi yangi smartfoni bilan yana bir bor barchani diqqatini torta oldi.

Xiaomi Redmi 5 Plus stol ustida yoki kaftingizda old paneli bilan turganida, bir qarashda uni qimmatbaho smartfon deb o‘ylaysiz. U zamonaviy trendga munosib devays.

Uning "inisi" bo‘lgan Xiaomi Redmi 5 modeli haqida oldingi tavsifda ko‘p va xo‘p so‘zlagan edik. Bu galgi "qahramonimiz"ning jussasi unikiga qaraganda ancha salobatli.

O‘qing: Xiaomi Redmi 5: "Malika"dan "beshni oling"!

Xiaomi Redmi 5 Plus'ning texnik jihatlari:

Korpus materiali: metall, shisha;
Operatsion tizim: Android Nougat, MIUI 9;
Aloqa tarmoqlari: 2 ta sim-kartali, GSM (1/3/5/8), CDMA (BCO), WCDMA (1/2/5/8), TD-SCDMA (34/39), TDD-LTE (34/38/39/40/41), FDD-LTE (1/3/5/7/8);
Displey: IPS 5,99'', sig‘imi 2160x1080 piksel (FullHD+), tomonlar nisbati 18:9, ekran yorug‘ligi miqdori 450nit, kontrast 1000:1, 84% NTSC;
Protsessor: 14 nm, Snapdragon 625, 8 yadroli (Cortex-A53 2,0 GGs);
Grafik chip: Adreno 506;
Operativ xotira: 3/4 Gb;
Doimiy xotira: 32/64 Gb, microSD mavjud;
Interfeys: Wi-Fi 802.11 b/g/n 2.4 GGs, Bluetooth 4.2, microUSB porti, 3.5 mm.li garnitur;
Bosh kamera: 12 Mp (f/2.2), 5 linzali, piksel hajmi 1,25 mkm va PDAF texnologiyasi;
Old kamera: 5 Mp, fotochaqnoq;
Navigatsiya: GPS, GLONASS, BeiDou;
Qo‘shimcha: barmoq izlari skaneri;
Batareya: litiy-polimer (Li-Pol), tok sig‘imi 4000 mA soat;
O‘lchamlari: 158,5 mm x 75,45 mm x 8,05 mm;
Vazni: 180 gramm.

Xiaomi Redmi 5 Plus va Xiaomi Redmi 5

Diqqatga sazovor ekran

Qarshimizda 5,99 dyuymli, ya’ni yirik ekranli hamyonbop smartfon turibdi. Displey qirralari yassi va 2,5D shaklidagi bezak shishasi bilan qoplab olingan. Displey va shisha oralig‘ida havo qatlami mavjud emas. Hamyonbop smartfon uchun ekran sifati nihoyatda qoyilmaqom: yorqin, tasvirlar rang-barang hamda ravshan.

Ekranning piksel sig‘imi FullHD+, ya’ni 2160x1080 belgiga teng. Bu sig‘im ham juda ko‘ngildagidek. Natijada, unda aks etgan tasvirlar aniq-tiniq namoyon bo‘ladi. Ekran atrofidagi romlar bir oz sezilarli.

Displey cho‘zinchoq, ya’ni bugungi trend tilida aytadigan bo‘lsak, uning tomonlar nisbati 18:9 standartida ishlangan. Bugun flagman smartfonlar aynan shu o‘lchamda ishlab chiqarilmoqda. Aynan shunday keng formatli displey hozir barchaning qiziqishini uyg‘otmoqda.

Dizayn hamda foydalanishga qulaylik

Dizaynerlarning universal ko‘rinishdagi zamonaviy apparat yaratishga harakat qilgani ko‘rinib turibdi. Smartfonlar ko‘rinishidanoq odamni o‘ziga maftun qiladi.

Xiaomi Redmi 5 Plus orqa tomonidan u qadar ham jozibador ko‘rinmasligi mumkin. Uning orqa paneli brendning boshqa hamyonbop gadjetlarini eslatib yuboradi.

Orqa panelning markazi alyuminiydan tayyorlangan, yuqori va quyi qismlariga esa plastik uloqlar ulangan. Metall va plastik o‘rtasidagi rangda farq bir oz seziladi. Muhimi, smartfonning yig‘ilish sifatiga gap yo‘q.

Smartfon tilla rangdan tashqari, qora, tilla-pushti hamda moviy-ko‘k rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

Smartfon kambar bo‘lgani bois, kaftga oson joylashadi. Uning shakli cho‘zinchoq bo‘lgani bois, bu gadjetda o‘yinni ham maza qilib o‘ynash yoki unda tasvir tomosha qilish mumkin.

O‘lchamining qulayligi bois, Xiaomi Redmi 5 Plus modelini bir kaftda ham boshqarish mumkin. Biroq, menyudan erkin foydalanish uchun 6 dyuymli displeyga ega devayslar kattalik qiladi.

Barmoq izi skaneri orqa paneldan o‘rin egallagan. Xitoyning aksariyat smartfonlarida bugun bunday sensor orqa panelga ko‘chirilmoqda. 

Xiaomi Redmi 5 Plus (o‘ngda) va 5 dyuymli Xiaomi Redmi 4x (chapda)

Kamera, ovoz va aloqa imkoniyatlari

Boshqa hamyonbop smartfon modellari bilan taqqoslaganda, Xiaomi Redmi 5 Plus modelida o‘rnatilgan kameraning ishlash sifati yuqori. U hattoki surat olishda bir oz qimmat bo‘lgan smartfonlar bilan bellasha oladi.

Mobil aloqa qurilmasidagi bosh kamera 12 megapikselli, old kamera 5 megapikselli. Quyidagi suratlarga qarab, uning kamera imkoniyatlariga baho bering. 

Smartfonning video tasvirga olish sifati ham yaxshi, ovoz esa chidasa bo‘ladi. Audio quloqchinlarda tinglaganda, ovoz zahirasining o‘rtacha ekanini payqash mumkin. Telefondagi suhbat dinamigi sifatli va baland ovoz yetkazib beradi, musiqani tinglash ham foydalanuvchini xursand qiladi.

Smartfonda sim-karta va xotira kartasi uchun gibrid bo‘lmachadan foydalanilgan. Ya’ni, ir vaqtning o‘zida bu bo‘lmachaga 2 ta sim-karta yoki bitta SIM-karta va bitta qo‘shimcha xotira fleshkasini qo‘yish mumkin. Xiaomi Redmi Note 5A modelida bu bo‘lmachalar alohida edi. Bu gal kompaniya bir oz erinchoqlik qilgan ko‘rinadi.

Smartfon microUSB porti orqali quvvat oladi. 2018 yilda universal Type-C portlari ommalashmoqda. Xiaomi hozircha bu texnik yechimni arzon smartfonlari uchun o‘ylab ko‘rmagan ekan.

Platforma samaradorligi, operatsion tizim va quvvatdorlik

Xiaomi Redmi 5 Plus modeli uchun Qualcomm Snapdragon 625 protsessori tanlangan. Bu chipsetga ikki yil bo‘lgan va boshqa ko‘plab hamyonbop gadjetlarda tatbiq qilingan. Talqinidan kelib chiqib, unga 3/32 yoki 4/64 gigabaytli tezkor va doimiy xotiralar o‘rnatilgan.

Smartfon benchmarklarda u qadar ham hayratlanarli natijalar qayd etmagan. Ya’ni, hamyonbop smartfonlar bilan bir xil ball to‘plagan.

Smartfon grafik va murakkab tasvirli o‘yinlarni u qadar ham yaxshi ko‘rmasligi mumkin. Misol uchun, WoT kabi qiyin o‘yinlarni ham o‘ynash mumkin.

Smartfon Android Nougat tizimining kompaniya tomonidan o‘zlashtirilgan MIUI 9 talqini boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Bu talqin tezkor ishlashi va quvvatni tejashi bilan hamda muhim funksiyalari bilan foydalanuvchini xursand qiladi.

Xiaomi Redmi 5 Plus'ning batareya tok sig‘imi 4000 mA soat. Bu telefon akkumulyatori quvvatini to‘ldirish uchun unga 2,5 soat kerak bo‘ladi. Bu quvvat bilan undan 1,5-2 kun foydalanish mumkin. Ekran yorug‘ligini yuqori darajaga qo‘yib naq olti soat video ko‘rish mumkin. Bu -- ajoyib natija!

Raqiblar

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Redmi 5 Plus modelining "ukasi" bor. Redmi 5 modeli undan bir oz kichkina. Uning ekran sig‘imi va diagonali kichik, akkumulyator sig‘imi ham kichikroq hamda bu modelga o‘rnatilgan protsessor ham unchalik kuchli emas. Biroq, quyi model ancha hamyonbop. Shu bilan birga, dizayn bir xil va boshqa hamyonbop modellarni dog‘da qoldiradi.

Redmi 5 Plus modelining yana bir raqibi — yangi Meizu M6s. Metall korpusli Meizu M6S hamyonbop smartfon modellari sirasiga kiradi. Uning narxi 100 AQSh dollariga baholangan. Smartfon jihatlari ham shunga yarasha: 5,7 dyuymli, 1440x720 (yorug‘lik darajasi 450 nitgacha, kontrast 1000:1) pikselli ekran, Samsung Exynos 7872 (6 yadro, 14 nm texnik jarayon) protsessori, 3 GB tezkor hamda 32 yoki 64 GB doimiy xotira.

Meizu M6S'ning batareya sig‘imi 3000 mA soat va uni yarim soatda 52% ga to‘ldirish mumkin. Bosh kamera 16 Mp (f/2.0), old kamera 8 Mp (f/2.0) aniqligidagi suratlar oladi.

Yana bir raqib -- 160 dollarlik Meizu M6 Note fableti bo‘lib, 5.5 dyuymli, Full HD sig‘imli displeyi, Snapdragon 625 protsessori bilan hamda narxi bilan ham "shyaomi"ga bas keladi.

Xiaomi Redmi 4X ham bu yangi modelga raqib bo‘la oladi. Unga, shuningdek Mi 5X yoki A1 modellariga ham bir xil protsessor o‘rnatilgan.

Narx va navo

Xiaomi Redmi 5 Plus Xitoyda $150 AQSh dollaridan (3/32 GB talqini) boshlab, $200 AQSh dollarigacha (4/64 GB) turadi. Ayni kunlarda bu modelning 4/64 GB talqinini "Malika"dan 2,180,000 so‘mdan xarid qilish mumkin.

Xulosa

Redmi 5 Plus hadeb suratga tushmaydigan, "top" samaradorlik ortidan chopmaydigan, biroq displeyda tasvir va tomosha ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar uchun. Haddan tashqari hashamni yoqtirmaydigan, biroq yangi tendensiyalarga ega smartfonni xohlaydigan xaridorlar uchun Redmi 5 Plus ayni muddao.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz 1 199 000 сўм (32 GB Black) Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 129 000.00 Sotib olish
Terashop.uz 1 289 000 сўм (64 GB Gold) Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 259 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!