Xiaomi Redmi Note 5 sirlari ochildi, suratlari sochildi!

  •   DiMaX
  •  3656
  •  23.10.2017 12:06

Xiaomi Redmi Note 5 sirlari ochildi, suratlari sochildi!

Xitoyning Telekommunikatsiyalar agentligi – TENAA sayti ma’lumotlar bazasida Xiaomi Redmi Note 5 smartfonining ikki talqini xususiyatlari paydo bo‘ldi. Bular – Redmi MEE7 hamda Redmi MET7 indekslariga ega modellardir, deb yozadi GizmoChina nashri.

Aytish kerakki, agentlik saytida Redmi MEE7 va Redmi MET7 indekslari bilan aks ettirilgan qurilmalar shu paytgacha Xiaomi Redmi 5 hamda Redmi 5 Plus smartfonlari, deya taxmin qilinayotgan edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, bularning ikkalasi ham Redmi Note 5 gadjetining ikki xil talqini ekan. Shuningdek, bu modelning Geekbench benchmarkidagi test natijalari shubhali ekani haqida ham yozganmiz.

Xullasi kalom, TENAA saytidagi so‘nggi ma’lumotlar tufayli, endi biz bu devaysning tashqi qiyofasi hamda texnik xususiyatlari haqida aniq tasavvurlarga ega bo‘la olamiz. Ushbu modelning ikkita talqini faqatgina tezkor va doimiy xotirasining hajmiga ko‘ra o‘zaro farqlanar ekan, boshqa xususiyatlari aynan bir xil. Redmi MET7 talqinida bu xotiralar hajmi tegishlicha 4/64 gigabayt, Redmi MEE7 versiyasida esa – 3/32 gagabaytni tashkil etadi.

Shuningdek,  internetda Redmi Note 5’ning yangi suratlari ham tarqalgan. Ularga ishonadigan bo‘lsak, yangi gadjet kamida ikki xil – tillarang va qora rangli korpuslarda ishlab chiqariladi.Redmi Note 5 smartfonlariga diagonali 5,9 dyuymga, sig‘imi 2160x1080 pikselga ega bo‘lgan displey o‘rnatiladi. Bu – mazkur turkumdagi smartfonlar orasida tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lgan ekranli ilk qurilmadir. Devaysning «yuragi», ixbt.com xabariga ko‘ra, 2,0 GGs takt chastotasida ishlovchi, sakkiz yadroli allaqanday SoC protsessoridir.

Smartfonning asosiy kamerasi 12 megapiksel, old kamerasi esa 5 megapiksel sig‘imga ega. Akkumulyatori ham chakki emas – sig‘imi 4 000 mA/soat. Uning operatsion tizimi sifatida Android 7.1.2 Nougat ko‘rsatilgan. Devaysning korpusi o‘lchamlari 158,5x75,45x8 millimetrga, vazni esa 180 grammga teng bo‘lishi aytilayotir.

Afsuski, Xiaomi shu paytgacha bu smartfonining taqdimoti qachon bo‘lib o‘tishini ma’lum qilmagan. Faqatgina Redmi MEE7 va Redmi MET7 indekslari bilan aks ettirilgan ushbu qurilmalarni «Bo‘ydoqlar kuni»gacha chiqarishi taxmin qilinyapti, xolos.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!