Xiaomi yangi avlod plansheti ustida ishlamoqda

  •   DiMaX
  •  1328
  •  02.11.2017 12:32

Xiaomi yangi avlod plansheti ustida ishlamoqda

Joriy yilning aprelida Xiaomi kompaniyasi Mi Pad 3 planshetini taqdim etgan va savdoga chiqargandi. Lekin yaqinlardan beri ishlab chiqaruvchi mazkur qurilma uchun buyurtma olmayotgan edi. shu sababli ayrim kuzatuvchilar, Xiaomi bu yo‘nalishda ishlanmalarni to‘xtatib qo‘ygan, deya xulosa qilishayotgandi.

Ammo kecha kompaniyaning hammuassisi va rahbari Ley Szyun (Lei Jun) bu masalaga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xiaomi allaqachon keyingi avlod plansheti ustida ish boshlagan, deb yozadi GizmoChina nashri.

Afsuski, Xiaomi rahbari navbatdagi qurilmaning xususiyatlari haqida biror ma’lumot bermagan. Ammo turli manbalar uning Mi Pad 4 nomi ostida keyingi yilning birinchi yarmida taqdim etilishini aytishmoqda.

Xiaomi’ning yangi avlod plansheti gibrid mobil qurilma – planshet-transformer bo‘lishi ham aytilayotir. Ya’ni, xuddi Microsoft Surface Pro singari, bu planshetga ham klaviatura ulagan holda, uni kichikroq noutbukka aylantirish mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Eng yaxshi zamonaviy planshet-transformerlar

Bu gadjet to‘rtinchi avlod uyali aloqa standarti – LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi modemga ega bo‘lishi haqida taxmin qilish mumkin. Shuningdek, kuzatuvchilar Xiaomi’ning navbatdagi plansheti Dual Boot funksiyasiga ega – Android va Windows operatsion tizimlarida ishlay oladigan bo‘lishi mumkinligini ham aytishmoqda.

Ta’kidlash kerakki, qurilmaning yuqorida sanab o‘tilgan xususiyatlarga ega bo‘lishi rasman tasdiqlanmagan.