Xitoyda Galaxy Note 8'dan 200 barobar ko‘p iPhone 8 buyurtma qilindi

Xitoyda Galaxy Note 8'dan 200 barobar ko‘p iPhone 8 buyurtma qilindi

Samsung 7 sentyabrdan boshlab eng so‘nggi innovatsion "bayroqdori" bo‘lgan Galaxy Note 8 fabletiga avvaldan buyurtma olishni boshlab yuborgan edi. Business Korea nashrining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kungacha birgina Xitoy hududida Samsung Galaxy Note 8 xarid qilish istagidagi 20 ming nafar xaridor avvaldan to‘lovni amalga oshirgan.

Shu bilan birga, ayni vaqtda Xitoyda 4.7 dyuymli iPhone 8 smartfoni uchun ham avvaldan buyurtma qabul qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, 15 sentyabrdan hozirga qadar 4 million nafar xaridor ilg‘or ayfonni olish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Eng ilg‘or — 6 yadroli va 64 bitli A11 Bionic chipiga ega smartfon uchun 700 dollar so‘ralmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, smartfon sanoatidagi ikki raqib mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj o‘rtasidagi farq 200 barobar! Buning o‘ziga xos sabablari bor.

Samsung Galaxy Note 8 Xitoy matbuotida salbiy munosabatlar bilan kutib olindi. Shuningdek, mahalliy aholi ham 1060 dollarga baholangan fabletning qimmatligini aytib, "koreyalik" smartfonning savdosiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishmoqda.

Galaxy Note 8 fabletiga avvaldan buyurtma berish narxi Xitoyda 15 AQSh dollarini tashkil qiladi. Kompaniya aynan ana shu to‘lovlarga ko‘ra smartfonning ilk partiyasini ishlab chiqaradi. iPhone 8 smartfoniga oldindan buyurtma berish uchun esa avvaldan to‘lovni amalga oshirish shart emas. Shunday bo‘lsa ham, uni xarid qilish istagida 4 million nafar odamning ro‘yxatdan o‘tgani taassurotli!

Shu bilan birga, ekspertlarning ma’lum qilishlaricha, Samsung Galaxy Note 8'ning Xitoyda ommalashmaganining yana bir sababi xitoyliklarning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishlari bilan bog‘liq.

Ya’ni, xitoyliklar 1000 dollardan qimmatroq Samsung Galaxy Note 8 o‘rniga 550 dollarga Xiaomi Mi Mix 2 olgan yaxshi, deb hisoblashmoqda. Biroq, xitoyliklarning nega Apple mahsulotlariga ham ana shunday fikrda munosabatda bo‘lmasliklari, nega ayfon hali ham Xitoyda talab yuqori bo‘lgan smartfon ekani tushunarsiz holat. Ehtimol, ayfon Xitoyda ishlab chiqarilgani uchun ham xitoyliklar uni o‘zlarining milliy mahsulotlari deb bilishsa kerak.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!