Xushxabar: Samsung Galaxy Note 8 taqdim qilindi

Xushxabar: Samsung Galaxy Note 8 taqdim qilindi

Jahonning yetakchi IT-giganti Samsung hozirgina 8-avlod Galaxy Note gadjetini Nyu-Yorkda taqdim qildi.

Samsung Galaxy Note 8 diagonali 6,3 dyuymli Infinity Display dizaynidagi, Galaxy S8 kabi 18.5:9 hajmli, Super AMOLED matritsali  Quad HD+ (2960 x 1440 belgi) piksel sig‘imli ekranga ega bo‘lgan.

Dizayn

Smartfon dizaynini Galaxy S8 flagmanidan olgan: "nihoyasiz"  displey yon romlaridan xoli, shuningdek old panel yuqori va quyi qismlari juda yupqa hoshiya-romlariga ega bo‘lgan. Orqa panel — qayrilma shisha uslubida yaratilgan.

O‘ta yupqa romlar bois, barmoq izlari skaneri orqa panelga, kamera yoniga ko‘chgan. Shu bilan birga, bu yerdan ko‘z pardasi skaneri ham  o‘rin olgan.

Samsung Galaxy Note 8 korpusi IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan. Ya’ni uning uchun chang va suv qo‘rqinchli emas. Fablet 1,5 metr suv tubida 30 daqiqa jon saqlay oladi.

Platforma

Fabletga  Samsung'ning 8 yadroli Exynos 8895 protsessori, 6 GB tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotira o‘rnatilgan. Protsessorning 4 yadrosining chastota tezligi 2,3 GGs, iolgan 4 yadroniki 1,7 GGs.

Fabletning akkumulyator sig‘imi 3300 mA soat. Smartfon o‘lchamlari: 162,2x74,8x8,5 mm., vazni -- 190 gramm.

Galaxy Note8 Android 7.1 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Displey va pero

Galaxy Note8 geleksi turkumidagi smartfon modellari orasida eng yirik ekranga ega bo‘lgan — 6,3 dyuym. Bu displey Super AMOLED texnologiyasi asosida tayyorlangan va 2960x1440 piksel sig‘imiga ega. Bu flagmanda ham Always On Display — blokirovka holatida ham vaqt, ogohlantirishlar aks etuvchi funksiya saqlab qolingan.

Yirik ekranda S Pen — Note turkumining «fishka»si bo‘lgan "aqlli qalamcha" bilan ishlash oson. S Pen yordamida qaydlarni yozib qoldirish, chizish va smartfonni boshqarish, boshqa amallarni bajarish juda oson.

S-pen yordamida smartfonga 100 betgacha hajmda qayd qoldirish mumkin. Hatto, ekran o‘chiq holatda ham qaydlarni yozish mumkin. Shuningdek, Samsung Note 8 foydalanuvchilari uchun maxsu rang-tasvir ilovasi ham taqdim qilinadi.  

Kamera

Galaxy Note 8 smartfoni Samsung'ning qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga ega ilk telefoni bo‘ldi. Unga 2 ta 12 megapikselli -- keng burchak ostida suratga oluvchi hamda telefoto sensorlari o‘rnatilgan. Natijada, kamerada 3 karralik yaqinlashtirish, orqa fonni g‘ira-shira qilib tasvirga olish texnologiyalari joriy qilingan.  

f/1.7 hajmli yorug‘lik linzalariga ega sensorlar, shuningdek Dual Pixel, optik barqarorlashtirish texnologiyalari bilan ham ta’minlangan. Ularning har biri alohida surat olishi ham mumkin.  

Galaxy Note 8 selfi-kamerasi uchun 8 MP sig‘imli, diafragmasi f/1.7 bo‘lgan, avtofokus funksiyasiga ega modul tanlangan.

Narx-navo

Galaxy Note 8 sentyabr oyi o‘rtalarida jahon bozoriga "qora brilliant", "sariq topaz" (yaltiroq qimmatbaho tosh), "moviy sapfir" rangli korpuslarda 1,185 AQSh dollari narxida sotuvga chiqariladi.