Zamonaviy IT-trendlar ICT SUMMIT diqqat-markazida bo‘ldi

Zamonaviy IT-trendlar ICT SUMMIT diqqat-markazida bo‘ldi

Poytaxtimizda bugun ish boshlagan ICTWEEK Uzbekistan 2017 haftaligi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida nufuzli sammit bo‘lib o‘tdi. Sammitda 300 dan ziyod delegatlar ishtirok etishdi. Unda Butunjahon banki, Microsoft, IBM, Huawei, ZTE, Beltelecom kabi xalqaro muassasalarning ekspertlari, shuningdek Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Belorussiya kabi mamlakatlarning vakillari ishtirok etdilar. Xorijlik delegatlarning faol ishtiroki va dolzarb mavzulardagi chiqishlari sammitning xalqaro ahamiyatini yanada oshirdi.

Sammitdagi chiqishlarda IT-sohasi mutaxassislari va xorijlik ishtirokchilar "Raqamli iqtisodiyot trendlari", "Sanoat 4.0", "Raqamli iqtisodiyotda "sun’iy ong"ning o‘rni", "Globallashuv davrida AKT ni rivojlantirishning ustuvor vazifalari", "O‘zbekistonda mobil texnologiyalarning rivojlanishi va ularning mamlakat rivojidagi o‘rni", "O‘tkazmalarni raqamlashtirish -- O‘zbekistonda AKT rivojining poydevori", "Keng polosali internet rivoji -- AKT infratuzilmasining bosh omili sifatida" kabi mavzularda chiqishlar qilishdi.

Aytish joizki, bu yilgi hafatlik doirasida o‘tadigan tadbirlarda axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiya va trendlar alohida mavzu sifatida kiritilgan. Jumladan, ekspertlarning axborot xavfsizligi, xavfsiz shahar, shuningdek "internet buyumlari" kabi chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.