150 dollarlik Honor 8A – tomchisimon «kemtik»li smartfon 8 yanvardayoq chiqadi

  •   DiMaX
  •  6472
  •  05.01.2019 09:31

150 dollarlik Honor 8A – tomchisimon «kemtik»li smartfon 8 yanvardayoq chiqadi

Huawei korporatsiyasining subbrendi – Honor kompaniyasi 2019 yildagi ilk taqdimotini 8 yanvar kuni o‘tkazmoqchi. Unda hamyonbop Honor 8A smartfoni namoyish etiladi.

O‘QING: Honor 8X: narx borasida toifadoshlaridan arzon

Yangi qurilmaning dizayni o‘z «ajdod»i – Honor 7A modeliga umuman o‘xshamaydi. Yangi avlod smartfonida ekran atrofidagi romlar yupqalashtirilgan. Pastki rom «Honor» yozuvi sig‘adigan darajada enli bo‘lsa-da, yuqoridagisi tomchisimon «o‘yiq»qa aylantirilgan.

Honor 8A bosh kamerasi qo‘shaloq emas, yana orqa paneldan barmoq izi skaneri ham olib tashlangan. Aftidan, smartfonni qulfdan chiqarish uchun old kameradagi yuzni tanish tizimi mas’ul bo‘ladi.

O‘QING: Honor Magic 2 flagmani qanday rekord o‘rnatdi?

TENAA ma’lumotlariga hamda reklama posteriga qaraganda, Honor 8A diagonaliga 6,09 dyuymlik ekranga ega, tasvir aniqligi esa 1560x720 piksellik. Smartfonning tezkor xotirasi 3 GB, doimiysi esa 32/64 gigabaytlik. Faqat unda qaysi protsessor qo‘llanishi aniq emas – Kirin 710 yoki MediaTek Helio P35 bo‘lishi kutilmoqda.

Honor 8A asosiy kamerasi 13 megapiksellik bo‘lsa, selfi uchun 8 megapiksellik kamera ajratilgan. Smartfon 3020 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, korpusi o‘lchamlari 156,28x73,5x8,0 millimetrga, vazni esa 150 grammga teng.

EMUI 9.0 interfeysi ostidagi Android 9.0 Pie operatsion tizimiga ega bo‘lgan ushbu smartfon narxi 150–180 AQSh dollari atrofida bo‘lishini aytishmoqda.

O‘QING: Displeyi «teshik» Honor V20 taqdim etildi: Kirin 980 chipi, 48 MPlik va 3D-kamera, yana Huawei’ning ko‘plab yangi texnologiyalari!